Namanganliklar Yaponiyada ta’lim tajribasini o‘rganmoqda
Ayni kunlarda Yaponiyada xizmat safarida bo‘lib turgan hokimlik, ta’lim, ma’rifat, ma’naviyat, ijtimoiy himoya sohasi vakillaridan iborat Namangan viloyati delegatsiyasi tashrif chog‘ida Chiba prefekturasidagi Ichikava Gakuyen xususiy ta’lim muassasasida bo‘ldi.
2012-yildan buyon “UNESCO Associated Schools Network” (“ASPnet”) uyushmasi a’zosi hisoblangan maktab Buyuk Britaniyaning Kembrij, Oksford va Eton ta’lim muassasalari, shuningdek, AQSH, Kanada, Singapur, Yangi Zelandiya hamda Xitoy davlatlaridagi hamkor tashkilotlar bilan xalqaro almashinuv dasturlarini amalga oshirib kelmoqda.

Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ilm maskanining boshqaruv tizimi, o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishini tashkil etish mexanizmlari, o‘quvchilarda axloqiy fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan yondashuvlar, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish tajribasi hamda zamonaviy pedagogik uslublarini o‘rgandi. Shuningdek, ushbu tajribalarni mahalliy ta’lim tizimiga moslashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Xizmat safari doirasida namanganlik maorifchilar “Funabashi Special Education School” maktabi faoliyati bilan ham tanishdi. Ushbu ta’lim dargohi intellektual rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan hamda qo‘shimcha ta’lim ehtiyojlariga ega bolalarni o‘qitish, ularning ijtimoiy moslashuvi va mustaqil hayot ko‘nikmalarini shakllantirishga ixtisoslashgan. Mehmonlar bu joyda inklyuziv ta’lim dasturi asosida o‘qitish metodikasini o‘rganishdi.

Shuningdek, delegatsiya “Takenedai Bunka Kindergarten” xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotini ham ko‘zdan kechirib, o‘yin orqali bolalarga ta’lim berish, sog‘lom va xavfsiz rivojlantiruvchi muhit yaratish va tarbiyachilarning kasbiy faoliyatini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarni kuzatdi.

Yaponiya ta’limining ilg‘or tajribalari, innovatsion yondashuvlar va samarali boshqaruv amaliyotlarini o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.