Namanganlik yoshlar bilan uchrashuv
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon to‘ra Ibrat xiyobonida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan yosh iqtidor egalari bilan “Sening Vataning – sening tayanching, masofani unut” shoir ostida “Vazir va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Dastavval, majmua maydonlarida rassomchilik, haykaltaroshlik, baxshichilik, simfonik orkestr, raqs, cholg‘u asboblari, opera, dorbozlik, tosh ko‘tarish kabi san’at va hunarmandlik yo‘nalishida saboq olayotgan, yangi loyihalar ustida izlanayotgan yigit-qizlarning chiqishlari bilan tanishildi.


Ochiq osmon ostida, ilm-fan va madaniyat uyg‘unlashuvida tashkil etilgan muloqot davomida musiqa san’atiga qiziqqan yoshlar vazir bilan ochiq muloqotga kirishdi. Bugungi kunda Namangan viloyatida 81 ta madaniyat markazi, 22 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, ikkita ixtisoslashtirilgan san’at maktabi faoliyat yuritib kelmoqda. Ularda ishlayotgan hamda tahsil olayotgan iste’dod sohiblari jahon, Osiyo va respublika miqyosida bo‘lib o‘tayotgan nufuzli tanlovlarda salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.


Uchrashuv davomida ishtirokchilar tomonidan tasviriy va amaliy san’at bo‘yicha alohida respublika tanlovini joriy etish, musiqa maktablarida infratuzilmani yaxshilash choralarini ko‘rish hamda teatr san’atiga qiziqqan o‘quvchilarga “O‘zbekiston teatr san’ati” darsligini kiritish va badiiy kitoblarni ko‘paytirish, Namangan ixtisoslashtirilgan san’at maktabi konsert zali uchun royal musiqa asbobi va maxsus fanlarga zaruriy elektron darsliklar bilan ta’minlash kabi masalalarda vazirga murojaat qildilar.


– Namangan san’at kolleji hamda Namangan davlat universitetini tamomlab, ayni vaqtda To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 9-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida o‘g‘il-qizlarga fortepiano yo‘nalishida ta’lim berib kelmoqdaman, shogirdlarim orasida iqtidorlilari ko‘pchilikni tashkil etadi. Ana shunday talant egalarini yanada rag‘batlantirish maqsadida Toshkentdagi Gliyer va Uspenskiy nomidagi musiqa maktablarining professional o‘qituvchilari ishtirokida viloyatimizda mahorat darslarini tashkil etish haqida bildirgan taklifimiz vazir tarafidan ma’qullanganidan behad minnatdormiz. Rahbarlarni joylarga borib, soha vakillari bilan bevosita muloqotga kirishayotgani tahsinga loyiq, – deydi yosh pedagog Anora Mo‘ydinova.

Tadbir yakunida, faol ishtirokchilar va eng yaxshi savol yo‘llagan yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Shahar, tuman madaniyat bo‘limlari, madaniyat markazlari hamda bolalar musiqa va san’at maktablariga sakkiz turdagi 390 ga yaqin musiqa cholg‘u asboblari majmuasi taqdim qilindi. Tadbirda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ijrosidagi “Uyg‘on, o‘g‘lim” taronasi yoshlar tomonidan katta zavq bilan kutib olindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA