Namanganlik tadbirkor Avazbek Abdullayev davlatimiz rahbarining g‘amxo‘rligidan xursand
Respublikamizda bu yilgi kuz-qish mavsumida barqaror energiya resurslari, shu jumladan, tabiiy gaz yetib bormagan hududlar aholisini ko‘mir yoqilg‘isi bilan ta’minlash borasida tizimli ishlar olib borilayotir. E’tiborli tomoni shundaki, bu yil ko‘mir ta’minotida yangi tartib joriy etildi. Ya’ni, aholiga ko‘mir yetkazib berishda tadbirkorlar ham jalb qilindi.
Xususan, Namanganda bugungi kunda 11 ta tadbirkorlik sub’ekti viloyat hokimligi tomonidan ro‘yxatga olinib, ularga birja savdolarida ishtirok etish huquqi berilgani maqtovga sazovor. “BEK KON-TA'MINOT” mas’uliyati cheklangan jamiyati aholiga ko‘mir yetkazib berayotgan ana shunday tuzilmalardan biri. Fidoyi tadbirkor, ana shu jamiyat rahbari Avazbek Abdullayev olib borayotgan ibratli ishlar ham tahsinga loyiqdir.
‒ Mahalliy ko‘mirni birjadagi alohida ajratilgan savdo maydonchalari orqali xarid qilib, aholiga yetkazib berayapmiz, ‒ deydi tadbirkor. ‒ Angren konlaridan yuklab yuborilayotgan ko‘mirning sifati yaxshi, bundan aholi ham mamnun.
Avazbek Abdullayev qariyb 25 yildan buyon ko‘mir savdosi bilan shug‘ullanadi. Shu vaqtga qadar Qirg‘iziston va Qozog‘istondan ko‘mir olib kelib, Uychi tumanidagi iste’molchilar talabini qondirishga hissa qo‘shgan. Vazirlar Mahkamasining shu yil 30-iyuldagi qarori esa uni aholini mahalliy ko‘mir bilan ta’minlash ishlarida faol ishtirok etishga undadi.
Tadbirkor ixtiyorida ko‘mir saqlash uchun maxsus ombor, avtoyuklagich, avtotarozi va xonadonlarga yoqilg‘i yetkazib berish uchun transport vositalari mavjud. Eng muhimi, uning bu sohada yetarli tajribasi bor. Tuman hokimligining xulosasi asosida korxona tegishli ro‘yxatga kiritilib, aholi uchun mo‘ljallangan ko‘mirni birja savdolari orqali xarid qilish va tarqatish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Ayni paytda birjadan xarid qilingan ko‘mir aholiga Mycoal.uz platformasi orqali sotilmoqda.
“O‘zbekko‘mir” AJdan yetkazib berilayotgan yoqilg‘i sifati haqida so‘raganimizda, tadbirkor mamnunligini yashirmadi. Uning ta’kidlashicha, bu yil Angren konchilari ko‘mir sifatiga alohida e’tibor qaratishmoqda. Hatto yoqilg‘ini yuklash jarayonini kuzatish uchun ham imkoniyat yaratilgan.

‒ Ko‘mir ortiladigan kuni ishonchli vakillarimiz konda hozir bo‘ladi. Yuklash jarayonini o‘zimiz kuzatib boramiz. Bu esa mahsulot sifatiga ishonchimizni oshirmoqda. Endilikda sifat borasida e’tirozlarga o‘rin qolmayapti, ‒ deydi Avazbek Abdullayev.
Biz omborda ko‘mir xarid qilayotgan aholi vakillari bilan ham suhbatlashdik. Uychi tumanida yashovchi Kimyoxon Xo‘jabekova oilasi uchun Mycoal.uz platformasi orqali besh tonna ko‘mirga buyurtma bergan.
‒ Bugun navbatim kelgani haqida SMS-xabar oldim. Omborga borib, ko‘mirning sifati va narxini ko‘rmoqchi bo‘ldim. Ma’qul kelmasa, 15 chaqirim naridagi ‒ Uchqo‘rg‘on tumanidagi omborga borishni ham o‘ylagandim. Ammo bu yerdagi ko‘mirning sifati ham, narxi ham ma’qul keldi. Qolaversa, ko‘mirni uyimizga arzon narxda yetkazib berishar ekan. Ko‘chadan transport yollash ancha qimmatga tushardi, ‒ deydi u.
Ha, kuz-qish mavsumida aholini ko‘mir bilan uzluksiz ta’minlashga tadbirkorlarning jalb etilishi o‘zining dastlabki samaralarini bermoqda. Ko‘mir sanoatiga bozor mexanizmlarining joriy etilishi ishlab chiqaruvchilarning mahsulot sifati uchun mas’uliyatini oshirishga, tadbirkorlarni esa aholiga sifatli mahsulotni o‘z vaqtida yetkazib berishga undamoqda. Iste’molchilarda tanlov imkoniyati paydo bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qarori bilan ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlarini joriy etishning huquqiy asoslari belgilandi. Yangi tartibga ko‘ra, aholi va byudjet tashkilotlarini mahalliy ko‘mir bilan barqaror ta’minlash maqsadida ko‘mir mahsuloti birja savdolarida alohida savdo maydonchalari orqali yetkazib beruvchi tadbirkorlarga sotiladi. Aholiga ko‘mir sotish esa Mycoal.uz elektron platformasi orqali amalga oshiriladi. Ushbu mexanizm sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, iste’molchilarga ko‘mir yetkazib beruvchini tanlash imkoniyatini yaratish va ta’minot tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Jovli Xushboqov,
O‘zA muxbiri