Namanganlik senator saylovchilar huzurida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov Namangan viloyatida xizmat safari davomida yaqinda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisi mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish hamda yoshlar bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan hududlarda uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Xususan, Uychi tumani Qizilravot qishlog‘idagi 3-sonli politexnikumda tuman faollari, mahalliy Kengash deputatlari, o‘qituvchilar va talabalar ishtirokida bo‘lib o‘tgan muloqotda yoshlar bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash, oliy va professional kasb-hunar ta’limi muassasalari hamda ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari xususida so‘z yuritildi.
Muqaddam sport yo‘nalishda faoliyat yuritgan politexnikum viloyatda o‘z nufuziga ega bo‘lgan kasb-hunar ta’limi dargohlaridan biridir. Qayd etilganidek, ushbu o‘quv maskanida so‘nggi 14 yil ichida 8 ming 400dan ziyod bitiruvchi kadrlar tamomlab, katta hayotda munosib o‘rin topdi.
Senator uchrashuvda, ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, yoshlarga zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash uchun keng imkoniyatlar yaratish, aholining ijtimoiy faolligini oshirish masalalariga e’tibor qaratdi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilarining bu boradagi taklif-tashabbuslari tinglanib, ularni joyida hal etish mexanizmlari yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
[gallery-25277]
Shu joyning o‘zida saylovchilar va mahallalar fuqarolar uchun sayyor qabul tashkil etildi. Unda bolalar ta’lim-tarbiyasi va oilalarda ajrimlarning oldini olish mavzusida kitob nashr qilish, pensiya ta’minotini takomillashtirish, Mustaqillik mahallasi ko‘chalarida yurish va o‘tish yo‘laklarini barpo etish, Yangi Hayot mahallasida bitta binoda faoliyat yuritayotgan ham maktab, ham bog‘chada o‘quvchilar va tarbiyalanuvchilar uchun o‘rin qamrovlarini oshirish singari o‘ndan ziyod murojaatlar tinglandi. Senator Odiljon Mamatkarimov har bir masalaga joyida yechim topish, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda choralarni ko‘rish bo‘yicha o‘z qarashlarini bildirdi.
Parlament yuqori palatasi mutasaddisi Uychi tumani Birlashgan qishlog‘idagi 7-sonli umumta’lim maktabida tuman faollari, mahalliy Kengash deputatlari, o‘qituvchilar, ota-onalar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi.
Unda senator Odiljon Mamatkarimov yaqinda o‘tkazilgan Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisida muhokama etilgan masalalar, ma’qullangan qonunlarning mazmun-mohiyati va ularning hududlarda amaliyotga joriy etilish ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Oliy Majlis Senati a’zosi xizmat safari davomida xalq deputatlari Uychi tumani Kengashi faoliyatini ham o‘rgandi. E’tirof etish joiz, Xalq deputatlari Uychi tumani Kengashi – O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga asosan respublika bo‘yicha “Namunali Kengash”ga aylantirilmoqda.
Jarayonda Kengash ish samaradorligi, deputatlarning hududiy masalalarni hal etishdagi faolligi, joylarda amalga oshirilayotgan islohotlarga qo‘shilayotgan hissasi hamda qabul qilinayotgan qarorlarning ijrosi keng ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tuman Kengashi ishini samarali tashkil etish, aholining murojaatlari bilan ishlash, mahalliy ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda deputatlarning mas’uliyatini oshirish borasidagi mavjud tajribalar ham tahlil qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda Uychi tumani hududidan saylangan bir nafar senator, ikki nafar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, besh nafar viloyat hamda 25 nafar tuman Kengashlari deputati faoliyat yuritmoqda.
Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov o‘rganishlarini Uychi tumanidagi mahallalarda davom ettirdi.
“Hurriyat, Beruniy va Bog‘ mahallalarining infratuzilmasini yaxshilashga ko‘maklashish” loyihasi doirasida mazkur hududlarda tungi yoritish chiroqlari, nazorat kameralari, chiqindi qutilari va ko‘chma svetofor o‘rnatish ishlari bilan tanishildi.
Yuqoridagi uchta mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan qo‘yilgan grant loyihasi parlament komissiyasi tomonidan g‘olib, deb topildi. Mazkur grant mablag‘lari doirasida, 30,2 million so‘mlik 131 dona yoritish chirog‘i, 47,3 million so‘mlik 32 dona chiqindi qutisi o‘rnatilgan. Shuningdek, qiymati 36 million so‘mga teng 30 dona kuzatuv kamerasi olindi. Bog‘ mahallasining “Savdogar” va “Ufq” ko‘chalariga 11 dona yoritish chirog‘i o‘rnatildi. Quvonarlisi shundaki, bunday ijobiy o‘zgarishlardan aholi behad xursand.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.