Namanganlik paxtakorlar zafar quchishdi
Yakuniga yetib borayotgan 2026-yil Namangan viloyati qishloq xo‘jaligi uchun barakali va muvaffaqiyatli natijalar bilan kechmoqda. Avvaliga “kumush tola” – pilla ado etildi. Keyinchalik g‘allakorlar rejani bajardi. Mana endi “oq oltin” mavsumida zafar marrasi mamlakatimizda peshqadamlar safida, vodiy viloyatlari ichida birinchilardan bo‘lib zabt etildi.
E’tirof etish darkor, yig‘im-terim mavsumida Chortoq tumani paxtakorlari respublikada peshqadamlar sifatida rejani yorug‘ yuz bilan uddalashdi. Keyinchalik To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Namangan, Uchqo‘rg‘on, Chust, Norin va Mingbuloq tumanlarida g‘alabaga erishildi.

– Joriy yilda viloyatimiz bo‘yicha 48 ming 800 gektar maydonga chigit ekilib, ekinlar agrotexnik talablar asosida parvarishlandi. Qabul punktlariga har gektardan o‘rtacha 52,2 sentnerdan oshirib, jami 254 ming 500 tonnadan ziyod sifatli sanoat xomashyosi yetkazib berildi, – deydi Namangan viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Azizbek Abdusalomov. – Quvonarlisi shundaki, bu yil dalalarda paxtadan olinayotgan hosildorlik keskin oshdi. Bu borada bir qator ilg‘or fermer xo‘jaliklari yuqori natijaga erishmoqda. Masalan, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Tursunboy Komilov”, Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Gulxumor”, Uychi tumanidagi “Zamin”, Mingbuloq tumanidagi “Baxtiyor Abdusalomovich”, Namangan tumanidagi “Navbahor namunasi” fermer xo‘jaliklarida 90 sentnerdan oshirib xirmon ko‘tarildi.

Bunday zalvorli natijalarning asosiy sababi – maydonlarga Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon texnologiyasi bo‘yicha xorijiy urug‘ ekilgani, g‘o‘zaga zamonaviy texnologiyalar asosida ishlov berilgani, tarmoqqa ilm-fan, bilim va tajriba bilan yondashilganidir.

E’tiborlisi shundaki, agrar sohada ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish hosildorlikni oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Ekish sxemalarini takomillashtirish, ko‘chatlar sonini maqbullashtirish va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish yer imkoniyatlaridan samarali foydalanishga xizmat qilmoqda.

Qolaversa, zamonaviy texnologiyalar suv va mehnat resurslarini tejash, ish jarayonlarini tezlashtirish hamda hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, paxta terimining mexanizatsiyalashtirilishi inson mehnatiga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish bilan birga, terim sur’atini oshirish imkonini bermoqda.

Hozirda Namangan viloyatida 189 ta paxta terish mashinasi mavjud bo‘lib, 48,8 ming gektar paxta maydonining 37,8 ming gektaridagi hosil terim agregatlari yordamida terib olindi. Bu paxtachilikda zamonaviy texnika imkoniyatlaridan samarali foydalanish ko‘lami kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

Ta’kidlash o‘rinliki, yetishtirilgan paxta tolasi mahalliy to‘qimachilik klasterlarida qayta ishlanib, ip-kalava va gazlama mahsulotlariga aylantirilmoqda. Bu esa xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan qo‘shimcha qiymat zanjirini rivojlantirib, viloyat iqtisodiyotida alohida o‘ringa ega. Paxtachilikda erishilgan ushbu yuqori natija faqat joriy mavsum bilan cheklanmaydi.

Binobarin, qimmatbaho sanoat xomashyosidan bo‘shagan maydonlarga ochiq usulda g‘alla ekish ishlarini o‘z vaqtida tashkil etish yerdan yil davomida samarali foydalanish va keyingi hosil uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri