Namanganlik nuroniylar Turkiston ziyoratida
Yurtimizda keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik xalqimizga xos azaliy qadriyatlarga hamohangligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Namangan viloyati hokimligi tashabbusi bilan “Nuroniy” jamg‘armasining shahar va tumanlardagi bir guruh faollari qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahriga safar uyushtirdi.
Safar davomida Oliy Majlis Senati a’zosi, Namangan viloyati nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi Ikromxon Najmiddinov boshchiligidagi sayohat ishtirokchilari tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar va zamonaviy bunyodkorlik namunalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Dastavval, Turkiston shahrida Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan yangi “Miromon ota” masjidi majmuasi ziyorat qilindi. Ushbu muhtasham inshoot o‘zining betakror me’moriy yechimi, nafis bezaklari hamda atrofida yaratilgan obod muhiti bilan nuroniylarda katta taassurot qoldirdi.
Masjid majmuasida yaratilgan sharoitlar, milliy va islomiy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan qurilish uslubi hamda zamonaviy infratuzilma mehmonlarning alohida e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Nuroniylar yurtimiz va qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik rishtalari yanada mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Navbatdagi manzil – turkiy xalqlar va butun islom olamida yuksak ehtiromga sazovor bo‘lgan buyuk mutafakkir Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasi bo‘ldi. Nuroniylar mazkur muqaddas qadamjoda buyuk allomaning boy ma’naviy merosi, hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdi. Qur’on tilovat qilinib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va kelajak avlodlarning baxtli istiqboli uchun duolar qilindi.

Ziyorat davomida nuroniylar tomonidan jonliqlar so‘yilib, ehson qilindi. Safar qatnashchilari Turkiston shahridagi tarixiy va zamonaviy obidalar bilan tanishib, qardosh xalqlarni birlashtirib turuvchi umumiy tarix, madaniyat va ma’naviy merosning naqadar boy ekanligini yana bir karra his etdi.
Keksalarimizning ma’naviy olamini yanada boyitish, yangi taassurotlar va unutilmas xotiralar qoldirgan safar Samarqand shahrida davom etdi. Keksalar ko‘hna kentda buyuk allomalari va avliyolari bilan bog‘liq qadamjolarni ziyorat qilib, tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishdi.

Butun musulmon olamini hayratga solayotgan Imom al-Buxoriy majmuasida Islom tamadduni rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk muhaddis, "Sahih al-Buxoriy" asari muallifi Muhammad Muso Imom al-Buxoriy hazratlari nomi bilan bog‘liq ushbu majmua keng ko‘lamli qayta ta’mir va obodonlashtirish ishlaridan so‘ng yanada ko‘rkam va mahobatli qiyofa kasb etgan. Majmuada yaratilgan sharoitlar, betakror me’moriy yechimlar va ma’naviy muhit nuroniylarga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Sayohat davomida nuroniylar Islom olamida yuksak ehtiromga sazovor bo‘lgan buyuk mutafakkir Mahdumi A’zam ziyoratgohida ham bo‘ldi. Aslida Namangan, uning Kosonsoy zaminida tug‘ilgan ajdodimizning boy merosi, uning ilm-fan va ma’naviyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida fikr almashildi.

Shuningdek, Xo‘ja Ahror Valiy ziyoratgohida bo‘lib, ezgu niyatlar bilan jonliq so‘yib ehson qildi. Ziyorat chog‘ida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yoshlarimizning kamoli uchun duolar qilindi.

Bunday ulug‘vor ziyorat va sayohat nuroniylarda unutilmas taassurotlar qoldirib, katta avlod vakillarining yurtimiz tarixi, madaniyati va muqaddas qadamjolariga bo‘lgan hurmatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.