Kasbimiz taqozosi bilan ko‘pincha kostyum-shimda yuramiz. Kostyum-shimni ko‘p yil kiyish uchun albatta sifatlisini tanlashga to‘g‘ri keladi. Bu borada Turkiya, Italiya mahsulotlariga teng keladigani yo‘q. Lekin uni hamma ham kiya olmaydi. Chunki juda qimmat.
Keyingi yillarda mamlakatimizda tikuv-to‘qimachilik sohasi ancha rivojlandi. Endi o‘zimizda ham sifati xorijning yetakchi brendlaridan aslo qolishmaydigan kostyum-shimlar ishlab chiqarilmoqda. Bu mahsulotlar nafaqat ichki bozorga, balki eksportga ham yo‘naltirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yilda Namangan shahridagi 9,9 gektar maydonda “Orzu” kichik sanoat zonasi tashkil etilgan edi. Shu yilning o‘zida bu hududda bir qator loyihalar ishga tushirilishi natijasida yangi korxonalar faoliyat boshladi. “Ideal Textile Orzu” mas’uliyati cheklangan jamiyati mazkur hududda eksport borasidagi qaldirg‘och korxonalardan biri. Hozirda korxonada 100 turdan ziyod erkaklar va ayollar kiyimi, maxsus kiyimlar, bolalar kiyimlari ishlab chiqarilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida bugungi kunda Namanganda ishlab chiqarilayotgan tayyor kiyim-bosh mahsulotlari nafaqat ichki bozor, jahon bozorida ham o‘zining munosib o‘rni va sifatiga egaligi ta’kidlandi. Yuksak minbardan turib aytilgan bunday e’tirof tikuvchilik yo‘nalishiga ixtisoslashgan namanganlik tadbirkorlar qatori “Ideal Textile Orzu” mas’uliyati cheklangan jamiyatini ham bu borada yangi istiqbolli loyihalarni tatbiq etishga undadi.
“Ideal Textile Orzu” korxonasida qisqa vaqt ichida bir yarim gektardan ziyod maydonda qiymati 22 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirildi. Jumladan, 8 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi, 14 milliard so‘m uskunalar sotib olish va jihozlashga sarflandi.

Korxonada Germaniya, Yaponiya, Turkiya, Xitoy kabi davlatlar texnologiyasi asosida mahsulotlar ishlab chiqariladi. Mahsulot xomashyosi Xitoy va Turkiya davlatlaridan olib kelinadi. Ya’ni, mazkur davlatlardan sifatli matolar olib kelinib, o‘zimizda tayyor kiyim sifatida ham mahalliy bozorga ham eksportga chiqariladi.
Dastavval kostyum-shim va erkaklar kurtkalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, keyinchalik maxsus ishchi kiyimlar tikila boshlandi. O‘tgan yildan esa ayollar va bolalar kiyimi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Korxona mutasaddisining ta’kidlashicha, 20 turdagi bolalar kiyimi ishlab chiqarilib, to‘liq eksport qilinmoqda. Korxonada 520 nafar ishchi mehnat qilmoqda.
Yiliga 300 ming dona turli assortimentdagi kiyim-kechak ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada tayyorlangan sifatli va xushbichim mahsulotlarning 60 foizi tashqi bozorga chiqarilmoqda. O‘tgan yili 16 milliard so‘mlik 70 ming dona tayyor mahsulot ishlab chiqarilgan. 80 ming AQSH dollari miqdoridagi kostyum-shim va ayollar kiyimi hamda 119 ming yevrolik maxsus kiyim-boshlar eksport qilingan.

– Mahsulotimizga germaniyalik ishbilarmonlar katta qiziqish bildirmoqda, – deydi korxona rahbari, Oliy Majlis Senati a’zosi Baxtiyor Umarov. – Ayni paytda ular bilan besh yillik shartnoma tuzilgan. “Made in Uzbekistan” brendi ostida “Ideal” yorlig‘i bilan jo‘natilgan kostyum, kurtka va maxsus kiyimlar Germaniya bozoriga kirib bordi. Prezidentimiz tomonidan eksport masalasiga qaratilayotgan katta e’tibor hamda eksportchi korxonalarga berilayotgan imtiyozlar biz, tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Kelajakda eksport geografiyasini yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Korxonada ish qizg‘in kechayotganiga bevosita guvoh bo‘ldik. Xodimlar uchun ish vaqti rejimi belgilangan tarzda olib boriladi. Tayyor mato olib kelingach, unga turli chizmalar, shakllar berish, dizayn va yangi modellar yaratish to‘liq kompyuter grafikasida amalga oshiriladi. Jarayon to‘liq raqamlashtirilgani bois xatoga yo‘l qo‘yilmaydi. Mato bichuv sexida turli o‘lchamlarda kesiladi va tikish bosqichiga o‘tkaziladi. Mahsulot tayyor bo‘lgach, dazmollash apparatlariga o‘tkaziladi. Kiyimlarni dazmollash jarayoni ham bir qator bosqichlardan o‘tadi.
Ishchilar bilan suhbatlashib, ishlab chiqarish jarayonlari va mehnat sharoitlari, rag‘bat qanday ekanligi bilan qiziqdik.

– Ishlayotganimga uch oy bo‘ldi, – deydi Shohida Umarova. – Korxonada asosan dazmollash, chok ochish kabi ishlar bilan shug‘ullanaman. 1 million so‘m atrofida oylik olaman. Mehnat malakam oshib borgani sari ish haqim ham ko‘tariladi. Sharoitlardan ko‘ngil to‘q, tushligimiz bepul. Ishga borib-kelishimiz uchun avtobus qatnovi ham yo‘lga qo‘yilgan. Asosiysi, bekorchi emasman, ishlab oilamga nafim tegyapti. Bir nafar farzandim bor. Hamkasblarim bilan opa-singil bo‘lib, ahil ishlayapmiz. Bilmaganlarimni o‘rganyapman.
Ish jarayoni bilan tanishar ekanmiz, ombordan qadoqlangan mahsulotlarni yuk mashinasiga ortayotgan ishchilar oldidan chiqib qoldik. Ushbu maxsus kiyimlar to‘g‘ri Germaniyaga borar ekan.
Hozirgi kunda korxonada yangi loyiha ustida ish olib borilyapti. Korxona rahbarining qayd etishicha, tayyor kiyim-bosh klasterini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Bunda maxsus yer ajratilib, matolarni qayta ishlash, ularga maxsus ishlov berish, yangi modellarni yaratish mo‘ljallangan. Namangan viloyati hokimligi tomonidan yer ajratilgan. Joriy yil ushbu loyiha amalga oshiriladi. Buning uchun Germaniya va Koreya davlatlaridan malakali mutaxassislar jalb etilgan.
Bu loyihaning afzalligi shundaki, hozirgi kiyim-kechak uchun import qilinadigan sifatli mato aynan klasterda ishlab chiqariladi. Mato ham o‘zimizdan, mahsulot ham.
Nurillo Nasriyev, Oqilxon Dadaboyev, O‘zA