Namangan viloyati Chust tumanida joylashgan “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida qiymati 100 million AQSH dollariga teng bo‘lgan yirik to‘qimachilik kompleksini tashkil etish rejalashtirildi.
Respublika aksiyadorlik tijorat “Aloqa” banki hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tashabbusi bilan Xitoy Xalq Respublikasining yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan hisoblangan “Comoda Garments Limited” kompaniyasi rahbari Stiven Zang boshchiligidagi delegatsiya Namanganga taklif etildi.

Xorijiy investorlarga “Namangan” erkin iqtisodiy zonasining infratuzilmasi, mavjud soliq va bojxona imtiyozlari, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil taqdimot o‘tkazildi. Muloqotlar davomida, o‘zaro manfaatli hamkorlik doirasida yangi to‘qimachilik majmuasi qurilishi, minglab ish o‘rinlari yaratilishi, mahsulotlarning dunyo bozorlariga yetkazilishi, asosiysi xalqaro miqyosda tan olinadigan brend aynan Namanganda shakllantirilishi borasida kelishuvga erishildi.

Loyiha yakuniga yetkazilgach, u nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik to‘qimachilik kompaniyalaridan biriga aylanadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.