Namanganda “Velosipedda sayr kuni” oʻtkazildi
Mamlakatimizda oʻtkazilayotgan navbatdagi sogʻlomlashtirish tadbirlarida namanganliklar ham faol ishtirok etdi
Mamlakatimizda oʻtkazilayotgan navbatdagi sogʻlomlashtirish tadbirlarida namanganliklar ham faol ishtirok etdi.
Shahar va barcha tumanlaridagi oʻyingoh va xiyobonlar sogʻlom turmush tarzi targʻiboti markaziga aylandi. Jumladan, Namangan xalqaro aeroportiga eltuvchi keng va ravon yoʻl ertalabdanoq yetti yoshdan yetmish yoshgacha sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim xodimlari, jamoat tashkilotlari va yoshlar vakillaridan iborat yuzlab havaskor velosportchilar bilan gavjum boʻldi.
– Yoshi ulugʻlar bardamligi va tetikligini taʼminlashda velosportning ahamiyati katta, – deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi qoshidagi sport toʻgaragi aʼzosi Abbosxon ota Nasriddinov. –Uzoq umr koʻraman, sogʻlom va baquvvat boʻlaman degan otaxon va onaxonlarimiz velosipedda sayr qilishni muntazam yoʻlga qoʻyishlari lozim.
Qiziqarli ommaviy tadbir bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Dastlab keksa avlod vakillari, keyin esa velosipedchi xotin-qizlarga start berildi. Ayniqsa, son jihatdan koʻproq boʻlgani uchun erkaklar oʻrtasidagi musobaqa qizgʻin kechdi.
Musobaqalarga viloyat velosportchilar jamoasi vakillari hakamlik qildi.
– “Velosipedda sayr kuni” sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan boshqa turli koʻngilochar tadbirlarni ham qamrab oldi, – deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari A.Gʻoziyev. – Ayniqsa, “Salomatlik maydonchalari” va “Sogʻlom ovqatlanish yarmarkalari”dagi koʻrgazmalar, mutaxassislar tomonidan olib borilgan “Sogʻlom turmush tarzi asoslari” va “Jismoniy faollikning inson organizmiga taʼsiri” mavzularidagi suhbatlar barchaga manzur boʻldi.
Tadbir yakuni boʻyicha eng faol keksa ishtirokchilar, eng yosh qatnashchilar, erkaklar va ayollar oʻrtasida alohida mahorat koʻrsatgan velosipedchilar viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasining diplom va homiylarning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.