Namanganda “Vatanparvarlar bog‘i” ochildi
Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” xiyoboni hududida barpo etilgan “Vatanparvarlar bog‘i” majmuasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining o‘ttiz uch yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga munosib tuhfa bo‘ldi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zga chiqqan Namangan viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Shavkat Abdurazzoqov, general-mayor Oybek Saidov bunyod qilingan ushbu bog‘ qo‘lga kiritilgan ulkan yutuqlarni qadrlash, kelajakka dadil qadamlar bilan intilishda boshlang‘ich nuqta vazifasini bajarishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.


Respublikamizda birinchi bo‘lib ochilgan yangi bog‘da ko‘rgazma sifatida harbiy texnikalar o‘rnatildi, Vatan himoyasi yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan 14 nafar harbiy xizmatchining byustlaridan iborat bo‘lgan “Qahramonlar nomi barhayot” kompozitsiyasi hamda tinchlikka erishish yo‘lidagi suronli og‘ir davrdan hikoya qiluvchi “Vatanparvarlik muzeyi” barpo etildi. Qolaversa, bog‘da mazmunli dam olish va chiniqish uchun turli mashq maydonlari, harbiy mudofaa istehkomlari kabi inshootlar qurildi. Buning uchun davlat byudjetidan 6,3 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.


– “Vatanparvarlar bog‘i” barpo etilishi elimizning mard o‘g‘lonlari uchun chinakam haykal bo‘ldi. Bu bog‘ yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi, – deydi Namangan tumanidagi 24-sonli umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Gulnoza Nuriddinova. – Bundan yigirma to‘rt yil avval turmush o‘rtog‘im Surxondaryo viloyatining Sarosiyo tumanida jangarilarga qarshi kurashda qahramonlarcha halok bo‘lgandi. Ikki nafar farzandimni otasiga munosib davomchi bo‘lib yetishishiga harakat qildim. Hozirda, to‘ng‘ichim Umidjon Kamoliddinov ota izidan borib, harbiylikni tanladi. U bugungi kunda Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritmoqda. Yangi bog‘da umr yo‘ldoshimning siymosi aks etganligi ko‘nglimni tog‘dek ko‘tardi. Zotan, yurtning mard o‘g‘lonlari aslo unutilmaydi.




Oqilxon Dadaboyev, O‘zA