Namanganda sportning ommaviyligi yanada ortadi
Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov shahar-tuman jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari, viloyat sport federatsiyalari hamda sport maktablari rahbarlari bilan uchrashdi.
Dastavval, Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar xususida so‘z yuritildi. Farmonda qayd etilganidek, barchamiz bundan jiddiy xulosa qilgan holda zararli odatlardan voz kechib, ommaviy sport bilan doimiy shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya qilish, xususan, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini me’yoridan ortiq iste’mol qilmaslikni, bir so‘z bilan aytganda, sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotimizga aylantirishimiz zarur ekanligini bugungi davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishda sport va sog‘liqni saqlash muassasalari o‘rtasida izchil hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bu borada muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan murabbiy, sport maktabi uslubchisi va direktori hamda shifokor-hamshiralari birgalikda sport bilan muntazam shug‘ullanish sog‘lom turmush tarzining muhim omili ekanligini aholiga tushuntirish ishlarini olib borishlari darkor.
Namanganda bugungi kunda faoliyat yuritayotgan shahar-tuman jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari, 36 sport federatsiyasi, 27 bolalar-o‘smirlar sport maktablarining quyi tizimlar, xususan, mahalla va maktablar bilan yetarli hamkorlik o‘rnatilmagan. Murabbiylar bilan jismoniy tarbiya va sport o‘qituvchilarda uzviylik yo‘q. Sport va sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti mehnat jamoalari va mahallalarni keng qamrab ololmayapti. Joylarla “Salomatlik uchun besh ming qadam” tadbirlari sezilmayati. Natijada “ommaviy sport” tushunchasi ko‘pincha qog‘ozlarda qolib ketmoqda.
Viloyatda basketbol, velosport, suv polosi, karate kabi ustuvor ahamiyatga ega yo‘nalishlarni aniqlab, ularga birinchi galda e’tibor qaratiladi. Qolaversa, chim ustida hokkey, boks, voleybol sport turlari bo‘yicha mavjud imkoniyat va salohiyatdan unumli foydalanish maqsadga muvofiq. Kelasi yili Tokio shahrida bo‘ladigan Yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan viloyatning to‘rt nafar sportchisini munosib tayyorgarlik ko‘rishi uchun qulay shart-sharoitlarni ham hozirlash kerak.
Viloyat aholisining kayfiyatini belgilovchi asosiy omillardan biri bo‘lgan futbol, xususan “Navbahor” klubini rivojlantirish bo‘yicha strategiya tubdan o‘zgaradi. Endilikda, kelasi mavsumdan boshlab viloyat bosh jamoasi tarkibida faqat mahalliy, yosh futbolchilar to‘p suradi. Xorijiy legionerlarga sarflanadigan yirik miqdordagi mablag‘lar e’tibordan chetda qolayotgan federatsiyalar va sport turlari rivoji uchun yo‘naltiriladi.
– Har bir jismoniy tarbiya va sport bo‘limi va sport maktabining taqvim jadvali bo‘lishi kerak. Unda qachon va qayerda musobaqalar o‘tkazilishi, kimlar jalb etilishi o‘z aksini topishi zarur. Shahar-tumanlarda sport infratuzilmasini yangilash, yugurish va velosiped yo‘laklari, badminton, stritbol, “Workout” - mahalla va ko‘cha fitnesi maxsus konstruksiyalarni yo‘lga qo‘yamiz, – dedi Shavkat Abdurazzoqov.
Videoaloqa tarzida o‘tkazilgan tadbirda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ishtirok etib, Namangan viloyatini jismoniy tarbiya va sport sohasida peshqadamlar safida bo‘lishi uchun muntazam va uzviy hamkorlikka tayyor ekanligini bildiridi.
Vazirning ma’lum qilishicha, 2021 yil davomida Namanganda oltita sport ob’ekti foydalanishga topshiriladi. Buning uchun 3 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Tizimda ishlayotgan 1052 murabbiyning 58 foizi o‘rta-maxsus ma’lumotli ekanligidan kelib chiqqan holda, ushbu mutaxassislarni sirtqi ta’lim shaklida oliy ta’lim muassasalarida kvota asosida tahsil olishlari ta’minlanadi.
Jonli muloqot tarzida kechgan tadbirda fidoyi murabbiy Ella Vishnyakova tomonidan ilgari surilgan, viloyatda “Yil jismoniy tarbiya va sport o‘qituvchisi” tanlovini tashkil etish va uning g‘oliblarini munosib taqdirlash haqidagi tashabbus Namangan viloyati hokimligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA