Namanganda “Soliq sektori rahbari kubogi”ning g‘oliblari aniqlandi
Namangan viloyatida Davlat soliq idoralariga biriktirilgan shahar va tumanlardagi to‘rtinchi sektor hududlarida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash asnosida uyushmagan, ya’ni aniq mashg‘ulot turiga ega bo‘lmagan, hech qayerda o‘qimaydigan, vaqtincha ishsiz yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish, mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasida qator chora-tadbirlar, xususan, sport musobaqalari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Kuni kecha Namangan tumanida viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Adhamjon Tillavoldiyev mas’ul to‘rtinchi sektor tashabbusi bilan tashkil etilgan mini-futbol bo‘yicha “Soliq sektor rahbari kubogi” musobaqasida Namangan shahri va tumanlarida yashovchi, 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan shakllantirilgan jamoalar g‘oliblik uchun maydonga tushdi.
Saralash bahslari to‘rt guruhga bo‘lingan holda o‘tkazildi. Yarim finalga yetib kelgan Yangiqo‘rg‘on, Uchqo‘rg‘on, Kosonsoy, Namangan tumani yoshlari g‘oliblik uchun kurashni davom ettirdi. Musobaqaning hal qiluvchi final bahsida uchqo‘rg‘onlik tengdoshlari ustidan 8:4 hisobida g‘alaba qozongan Namangan tumani jamoasi g‘olib sifatida e’tirof etilib, kubok sohibi bo‘ldi. Musobaqaning yana bir sovrini kosonsoyliklarni 4:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, uchinchi o‘rinni egallagan yangiqo‘rg‘onlik futbolchilarga nasib qildi.

– Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda, – deydi viloyat Davlat soliq boshqarmasining sport ishlari bo‘yicha mutaxassisi Tohirjon Mo‘minov. – Viloyatdagi to‘rtinchi sektor tizimida joylarda tashkil etilayotgan turli sport musobaqalarimizdan ko‘zda tutgan maqsadimiz sportni har bir mahalla, har bir xonadonga kirib borishi, o‘sib kelayotgan o‘g‘il-qizlarda sportning u yoki bu turiga bo‘lgan qiziqish, mehrni uyg‘otishga qaratilgan. Navbatdagi mini-futbol musobaqamizda qatnashgan yoshlarning intilishi esa oldimizga qo‘ygan vazifalarimiz ado etilayotganini ko‘rsatganidan xursand bo‘ldik. Bunday sa’y-harakatlarni kelgusida ham izchil davom ettirmoqchimiz. Zero, jismoniy tarbiya va sportga oshno bo‘lgan kishidan hech vaqt yomonlik chiqmaydi.
Musobaqaning yakunida faxrli o‘rinlar sohiblariga viloyat to‘rtinchi sektor rahbarining esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, bellashuvlarda munosib o‘yinlari bilan ajralib turgan Namangan tumani jamoasi vakili Javohir Xursanaliyev – “Eng yaxshi darvozabon”, uchqo‘rg‘onlik Davron Xusanov – “Eng yaxshi hujumchi”, yangiqo‘rg‘onlik Davron Mahmudov – “Eng yaxshi o‘yinchi” sifatida e’tirof etilib, tashkilotchilarning diplom va estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA