Namanganda quyosh elektr stansiyasi to‘la quvvatda ishga tushirildi
Mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyot, xususan “yashil energetika” sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlarning yorqin samarasi sifatida Namangan viloyatida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi.
Pop tumanida quyoshdan energiya olish loyihasi to‘liq quvvatda ish boshladi. Ya’ni, Germaniyaning “Hyper Partners GmbH” kompaniyasi ta’sischiligidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi "Next Solar Energy Group" xorijiy korxonasi tomonidan qiymati 350 million dollarga teng bo‘lgan loyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilib, quyosh fotoelektr stansiyasi quvvati 500 megavattga yetkazildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda tuman faollari, nuroniylar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda qayd etilganidek, Yangi O‘zbekiston energetikasida “yashil energiya” manbalari ulushini izchil oshirish, elektr energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gaz va boshqa yoqilg‘iga bog‘liqlikni kamaytirish va hududlarning energetik salohiyatini yuksaltirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2024-yil 24-maydagi tegishli qarori asosida Pop tumanining Qo‘shminor mahallasi hududida joylashgan qarovsiz 1 ming 200 gektar maydonda ishga tushirilgan yangi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ham ushbu sa’y-harakatlarning yorqin ifodasidir.

Stansiyaning yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 1 milliard 95 million kilovatt-soat bo‘lib, bu raqam loyihaning nafaqat Pop tumani, balki viloyat energetika ta’minotidagi ahamiyatini ham yaqqol ko‘rsatadi. Quyosh elektr stansiyasining to‘liq quvvatda ishga tushirilishi yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lami kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Ta’kidlash o‘rinliki, Farg‘ona vodiysidagi eng yirik ko‘lamdagi loyihalardan birini amalga oshirish jarayonlarida 700 ga yaqin ishchi-xodimlar, xususan xitoylik bunyodkorlar hamda 30 dan ortiq maxsus texnikalar jalb qilindi.

– Viloyatimizda energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va yangi generatsiya quvvatlarini yaratish borasidagi ishlar birgina ushbu loyiha bilan cheklanmaydi, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Namangan hududiy filiali direktori Dilmurod Mamadjonov. – Bundan avval Pop tumanida Germaniyaning «Hyper Partners GmbH» kompaniyasi tomonidan 500 megavattlik quyosh elektr stansiyasi, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarining «Tepelen Group Holding Limited» kompaniyasi bilan hamkorlikda yana bir 500 megavattlik quyosh elektr stansiyasini barpo etish rejalari ma’lum qilingan edi.
Darhaqiqat, mazkur loyihalarning har biri 350 million dollardan baholangan. Ularda Namangan hududining generatsiya quvvatlari 2 141 megavattga, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi esa 7,8 milliard kilovatt-soatga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Bu viloyatning yillik 5,5 milliard kilovatt-soatlik ehtiyojini to‘liq qoplash imkonini beradi. Mazkur raqamlar energetika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini yaqqol namoyon etadi.

Stansiyani to‘liq quvvatda ishlashi natijasida yiliga 1 milliard kilovat soatdan ziyod elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 400 mingdan ortiq xonadonlarni quvvat bilan ta’minlash imkoniyati yaaratiladi. Shuningdek, yiliga 300 million kubga yaqin tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, stansiyada o‘tgan 2025-yil davomida sotilgan elektr energiyasi 218 871 760 kvt soatni, joriy yilning yanvar-avgust oylarida esa 300 000 000 kvt soatni tashkil qildi.

Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari G‘ofurjon Jamolov, Pop tumani hokimi G‘ulomjon Murodxo‘jayev ishtirokidagi tadbir davomida jonliq so‘yilib, nuroniylar tomonidan yurt tinchligi, xalq farovonligi va ezgu ishlar barakasi niyatida duo-fotiha qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zAmuxbiri