Namanganda qalamkashlar ijodiy muloqotda bo‘ldi
Namangan davlat pedagogika institutida Vazirlar Mahkamasining nashrlari – “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari hamda uning doirasida “Yangi O‘zbekiston orzusi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati bosh muharriri Salim Doniyorov, bosh muharrir o‘rinbosari Abu Bakir O‘rozov, Namangan davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Xusanov, Namangan viloyati hokimining matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ilhomjon Rahmatov, viloyatdagi taniqli ziyolilar, ijodkorlar, institut professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorovning “Yangi O‘zbekiston orzusi” nomli kitobi keng jamoatchilikka taqdim etilib, ijodkorlar, pedagoglar va yoshlar tomonidan kitobning mazmuni haqida ma’ruzalar qilindi. Ushbu teran mazmunga boy asarda so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistondagi olamshumul islohotlarning natijalari haqida batafsil va hayotiy misollar bilan so‘z yuritilgani ta’kidlandi.
[gallery-30488]
Shuningdek, tadbir davomida gazetalarda chop etilayotgan tahliliy maqolalar, intervyular va dolzarb mavzulardagi materiallar misolida jurnalistikaning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni keng muhokama qilindi. Ishtirokchilarga mazkur milliy nashrning qizg‘in faoliyati, ularning jamiyatda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashdagi roli, gazetaning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati, kontent tayyorlash xususida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi, islohotlarning samaradorligi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Namangan viloyatiga amalga oshirilgan xizmat safarining yana bir ahamiyatli manzili – Namangan shahrida joylashgan viloyat “Matbuot uyi” bo‘ldi. “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov boshchiligidagi ijodiy guruh viloyat hokimligining “Namangan haqiqati” gazetasi tahririyati bilan tanishdi.
Muloqotda o‘zaro tajriba almashish hamda kelgusida qo‘shma media loyihalarni amalga oshirish, ijodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash atroflicha muhokama qilindi.
Salim Doniyorov suhbat chog‘ida viloyatda ommaviy axborot vositalariga qaratayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni alohida e’tirof etib, “Namangan haqiqati” va “Namanganskaya pravda” gazetalari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani, jurnalistlar uchun munosib shart-sharoitlar hozirlash, ijod ahlini rag‘batlantirish borasidagi sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.
Uchrashuvda ikki tahririyat o‘rtasida axborot almashinuvini kengaytirish, dolzarb mavzularda qo‘shma materiallar tayyorlash, zamonaviy jurnalistika yo‘nalishidagi yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA