Namanganda paxta terimi boshlandi
Namangan viloyatida 2026-yil hosili uchun 48 800 gektar maydonga chigit ekilib, ekinlar agrotexnik talablar asosida parvarishlanmoqda. Mavsum yakuniga qadar har gektardan o‘rtacha 52,2 sentnerdan hosil olib, jami 254 500 tonna paxta xomashyosi yetishtirish rejalashtirilgan.
Mamlakat qishloq xo‘jaligida muhim iqtisodiy resurs bo‘lgan paxta ko‘p asrlik mehnat madaniyati, dehqonchilik tajribasi va xalqimiz turmushi bilan chambarchas bog‘liq qadriyatga aylangan.

Binobarin, ayni vaqtda tarmoqni zamonaviylashtirish, mehnat unumdorligini oshirish, texnologiyalarni keng joriy etish va fermerlarni yuqori samarador texnika bilan ta’minlashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratilmoqda.

Ayni kunlarda paxtazorlarda yangi mavsumning mas’uliyatli bosqichi boshlanmoqda. Hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish maqsadida viloyatda 856 ta yig‘im-terim otryadi tashkil etildi. Mavsumda hosilning 70 foizini terim mashinalari yordamida yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan. Buning uchun 178 ta paxta terim agregati jalb etiladi. E’tiborlisi, joriy yilda viloyatga 57 ta yangi paxta terim mashinasi xarid qilindi.

Mingbuloq tumanidagi “Elita urug‘chilik” fermer xo‘jaligi dala shiyponida uyushtirilgan “2026-yil hosili uchun yetishtirilgan paxta xomashyosini nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish, paxta yig‘im-terim mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish” mavzusidagi viloyat ko‘rgazmali seminar-yig‘ilishida soha fidoyilari, nuroniylar, viloyat huquq-tartibot organlari rahbarlari, tumanlar hokimlari va tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.

Anjumanda paxta hosilini sifatli yig‘ib olish, terimni belgilangan muddatlarda aniq tashkil etish, mehnat jarayonida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish va mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, joriy yilgi hosilni qisqa muddatda yig‘ib olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov “Oq oltin” mavsumini yuqori saviyada tashkillash, paxta xomashyosini daladan yig‘ishtirib olish, terimchilar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda belgilangan rejalarning to‘liq bajarilishini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va vazifalarni belgilab berdi.

Shuningdek, tadbirda jonliq so‘yilib, ehson dasturxoni yozildi. Duoga qo‘l ochilib, dehqon va fermerlarning mashaqqatli mehnatiga baraka, yurtimiz dasturxoniga to‘kinlik tilandi, paxta yig‘im-terim mavsumiga “oq fotiha” berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.