Namanganda “Okean” suv sporti saroyi ochildi
Yurtimizning barcha hududlarida ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda davlat dasturlari asosida izchil olib borilayotgan amaliy ishlar bunga misoldir.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda jamiyatning barcha sohalarini teng rivojlantirib borish tamoyili ustuvor bo‘layotgani taraqqiyotimiz barqarorligida muhim omil bo‘lmoqda. Yurtimizning barcha hududlarida ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda davlat dasturlari asosida izchil olib borilayotgan amaliy ishlar bunga misoldir.
Vatanimiz kelajagiga daxldor ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport sohalariga qaratilayotgan alohida e’tibor va mazkur sohalarning moddiy texnika bazasini jahon andozalariga mos ravishda rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar iqtisodiy, ijtimoiy salohiyatimiz o‘sib borayotganligini namoyon etish bilan birga xalqimizning ruhiyatini ko‘tarib, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
“Okean” suv sporti saroyining O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, respublika Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, suv sporti federatsiyasi, viloyat davlat va jamoat tashkilotlari, sportchilar, faxriylar va yoshlar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tantanali ochilish marosimida bu yana bir bor ta’kidlandi.
– Bu muhtasham saroy suv sporti rivojlanib, xalqaro miqyosdagi musobaqalardagi muvaffaqiyatli ishtiroki bilan mamlakatimiz sharafini munosib tutib kelayotgan namanganlik sportchilar, xususan yoshlar uchun yanada kengroq imkoniyatlarni ochadi, – dedi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Q.Rafiqov. – Bu maskan Prezidentimiz tomonidan ko‘tarilgan besh tashabbusdan biri - sportni ommalashtirish va yoshlarni chiniqtirishda xizmat qilishi, bo‘lajdak chempionlarga parvoz maydoni vazifasini o‘tashi kerak.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi mablag‘lari hisobidan barpo etilgan “Okean” suv sporti saroyi zamonaviy arxitektura yechimlari asosidagi betakror qiyofasi, suv sporti bo‘yicha xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazish imkoniyatlari bilan mamlakatimizning eng ko‘rkam, muhtasham va munosib inshootlaridan biri bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
“O‘zog‘irsanoatloyiha” aksionerlik jamiyati loyihasi asosida “Kasaba qurilish ta’mir” sho‘ba korxonasi bunyodkorlari tomonidan barpo etilgan majmua xalqaro standart talablariga javob beradigan, ya’ni sathi 50x24,5 metr, chuqurligi 1,90-2,10 metr bo‘lgan basseyn, tomoshabinlar tribunasi, ikki qavatli ma’muriyat binosi hamda boshqa yordamchi xona va inshootlarni o‘z ichiga olgan. Basseynda bir vaqtning o‘zida 100 kishi shug‘ullanishi mumkin. Shu nuqtai nazardan 2435 kubmetr yoki qariyb 2,5 ming tonna sig‘imli basseynni sanitariya talablari darajasidagi suv bilan ta’minlab turish uchun eng ilg‘or xorijiy texnik uskunalar o‘rnatilgani diqqatga sazovor. Soatiga 304 kubmetr suvni haydash quvvatiga ega nasoslar yordamida shuncha miqdordagi suv 8 soatda to‘la yangilanib turadi. Bundan tashqari basseynda soatiga 30 kubmetr suvni filtrlash, haroratini 26-29 darajada saqlab turishning avtomatik tizimi ham ishlab turadi.
– Havzadagi suvni isitish va aylantirishda Ispaniya, Italiya, Turkiya, video-audio tizimida Xitoy texnologiyalari foydalanildi, –deydi “Kasaba qurilish ta’mir” sho‘ba korxonasi ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i D.Abdullaev. – Loyiha ustida ilg‘or xorijiy kompaniyalar bilan ham yaqin hamkorlik qilindi.
Shu o‘rinda qurilish ko‘lamini tasavvur qilish uchun quyidagi raqamlarni keltirib o‘tish joiz.
Ob’ektda qurilish jarayonida 1 ming 800 kubmetr beton ishlari bajarildi va bunga 600 tonnadan ziyod sement, 80 tonnadan ko‘proq turli o‘lchamdagi armatura ishlatildi. Inshoot tomi umumiy vazni 130 tonna bo‘lgan, 42 ta ark zavod sharoitida tayyorlanib, besh qismga bo‘lgan holda keltirildi va maxsus ko‘tarish texnikalari yordamida montaj qilindi. Tom Rossiyada ishlab chiqarilgan 28 tonna profnastil bilan yopilib, Germaniya texnologiyasi asosidagi himoya qobiqlari bilan qoplandi.
“Okean” suv sporti saroyida suzish, suv polosi, sinxron suzish singari suv sportining ko‘plab turlari bo‘yicha xalqaro musobaqalarni o‘tkazish mumkin.
Tantanali marosimda mazkur inshoot bunyodkorlari viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Q.Rafiqov sport saroyining ramziy kalitini yosh sportchiga topshirdi.
Viloyat san’atkorlari va iste’dotli yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi, sportchilarning sinxron suzish, suv polosi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari marosimga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Marosimda Jismoniy tarbiya va sport ishlari vaziri D.Nabiev, Suv sporti federatsiyasi vitse prezidenti S.G‘ulomov so‘zga chiqdi.