Namanganda non festivali o‘tkaziladi
Aprel oyida Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida Non festivali o‘tkaziladi.
Viloyatning turistik salohiyatini oshirish maqsadiga qaratilgan tadbirda yettita tandir qurilib, unda hududlarga xos turli xil va ko‘rinishdagi nonlar yopiladi.
Non festivaliga mamlakatimiz hamda qo‘shni respublikalardan mehmon, sayyohlar tashrif buyuradi. Joylarda xizmat ko‘rsatish, moddiy va nomoddiy mahsulotlar sotuvi tashkil etiladi. Tajribali novvoylar tomonidan yopilgan nonlar mahallalar kesimida elimizga, mehribonlik va saxovat uylariga tarqatiladi.
Namanganlik novvoylar festivalda taqdim etadigan nonlar ichida Namangan shirmoy nonlarining ayniqsa, ta’mi o‘zgacha. Shirmoy non shirmon, shirmol nomlari bilan ham ataladi. Shirmol – fors-tojik tilida sutli non degani. Uning shirmon kulcha, shirmon patir, qo‘shaloq shirmoy, payvand, obu hol, olcha gulli shirmoy kabi turlari bor. Toshkent, Samarqand hamda Farg‘ona vodiysining Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijon shaharlarida ham shirmoy nonlari yopiladi. Tayyorlanishi va o‘xshash jihatidan bu shirmoy nonlari mazasi bilan farq qiladi. Namangan shirmoyi uzoq muddat o‘z mazasi va holatini saqlab qolishi, ta’mining o‘zgachaligi bilan ajralib turadi.
Festival doirasida «Do‘ppidek osh», «Tandir taomlar» kabi shoular, milliy o‘yinlar, madaniy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
[gallery-1578]
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA