Namanganda “IT-Park university”ning taqdimoti o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
bugungi kunda mamlakatimizda IT sohasini rivojlantirish, dasturchilarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli iqtisodiyotni joriy etishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Har bir viloyatda IT-Park filiallari va o‘quv markazlari tashkil etilmoqda. Xususan, Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan IT-Park rezidentligiga qabul qilingan kompaniyalar ham qisqa vaqt ichida 15 taga yetdi.
Hozirgi kunda viloyat darajasidagi yosh dasturchilarning oylik daromadi 500-1500 AQSH dollarini tashkil etayotgan bo‘lsa, tajribali dasturchilarning daromadi 2500-5000 AQSH dollarigacha bo‘lmoqda. E’tiborlisi, viloyatdagi markazlarda ham daromadga kirgan yosh dasturchilar ko‘pchilikni tashkil etadi.
[gallery-9133]
Namangan shahridagi “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani”da faoliyat boshlagan “IT-Park University” raqamli universitetining filiali sohada amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Universitet birinchi onlayn tarzda faoliyat olib boruvchi muassasalardan hisoblanadi. Qolaversa, filialda fondeyshn kurslari ham tashkil etilib, bu yoshlarning oliy o‘quv yurtiga tayyorlanishi va bir vaqtning o‘zida xorijiy maqomda sertifikat olishiga zamin yaratadi.
bugungi kungacha viloyat hokimligi va “IT-Park university” rahbariyati o‘rtasida yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishilgan bo‘lib, bu borada hokimlik tomonidan ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA