Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimiz tinchligi va salomatligini barqaror ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimida o‘z samarasini bermoqda. Shifokorlar tibbiyoti rivojlangan xorijiy davlatlardagi soha mutaxassislari bilan doimiy hamkorlik va o‘zaro tajriba almashib kelmoqda. Natijada murakkab operatsiyalar o‘tkazish uchun chet el mamlakatlariga borishga endi aslo hojat qolmadi.
Xususan, Namangan viloyati ftiziatriya va pulmonologiya markazida Respublikamizda birinchi bo‘lib, o‘ta noyob eng yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Mazkur murakkab jarayon Rossiya Federatsiyasining Moskva tibbiyot akademiyasi professori, tibbiyot fanlari doktori Oleg Zuban rahbarligida olib borildi. Taniqli shifokorga Toshkent tibbiyot akademiyasidan tibbiyot fanlari doktori Zafar Rahmatullayev, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidan tibbiyot fanlari doktori Sarvar Alijonov va mahalliy shifokorlar Iskandar Mahmudov va Ulug‘bek Ashurov assisentlik qildi. Olim-shifokorlarning to‘rt soatlik sa’y-harakatlari tufayli bemor og‘ir darddan xalos etildi.
– Uroginetal a’zolari sili jarrohlik bo‘limi operatsiya stoliga yotqizilgan bemor uzoq vaqtdan beri og‘ir xastalikdan aziyat chekar edi, – deydi viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazi bo‘lim mudiri Iskandar Mahmudov. – Shu bois ham unda biryo‘la ikki turdagi qiyin jarrohlik amaliyoti olib borildi. Ayol avvaliga, tuxumdonidagi o‘simtadan forig‘ qilindi. Keyin esa buyrak jomchasi va siydik nayi sohasi torayishi sababli lunjidan olinib, plastika qilish jarayoni kechdi. Bu amaliyot bilan bemor buyragi sog‘lomlashtiriladi.
Quvonarlisi shundaki, ilgari rivojlangan davlatlar klinikalaridagi o‘tkaziladigan ushbu jarrohlik amaliyotiga diyorimizda ham qo‘l urildi. Endilikda yurtimiz jarrohlari ham bu yuqori texnologik amaliyotini bajarish usullarini o‘rganib oldi.
– O‘zbekistonda sil kasalligiga chalinganlar, ayniqsa siydik trakti tuberkulyozi bilan og‘rigan bemorlar soni juda kamligi ijobiy holat, – deydi rossiyalik taniqli shifokor, tibbiyot fanlari doktori Oleg Zuban. – Mamlakatingizdagi jarrohlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan murakkab jarrohlik amaliyoti sababli bemor hayotiga rahna solayotgan xastalikka nuqta qo‘ydik. Bu boradagi amaliy hamkorligimizni kelgusida ham davom ettirmoqchimiz.
Darvoqe, tajribali shifokorlarning Namanganga xizmat safari doirasida o‘nlab bemorlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikka ham chorlanib, ular sog‘lig‘ini tiklash bo‘yicha tegishli zarur tavsiyalar berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA