Namanganda ilk bor dronlar shousi o‘tkazildi
Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi” bog‘ida dronlar shousi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, Respublika Kadastr agentligining “Geoinnovatsiya markazi” va viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida Namanganda ilk marotaba tashkillangan mazkur tomoshada 500 ta dron ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning iyun oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida “Afsonalar vodiysi” bog‘ida aholi vakillari va mutasaddilar bilan o‘tkazilgan muloqotda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan o‘ziga xos tematik bog‘ni “turistik tashrif qog‘ozi”ga aylantirish, odamlar ko‘p to‘planadigan fayzli maskan bo‘lishi lozimligi xususida ko‘rsatmalar berilgan edi.
Tadbir avvalida xiyobonga kelgan mingga yaqin mehmonlar e’tiboriga taniqli san’atkorlar va yosh xonandalar ijrosidagi konsert dasturi namoyish qilindi. 12 daqiqa davom etgan shouda uchuvsiz qurilmalar yordamida humo qushi, tuyalar karvoni, tarixiy obidalar, donishmand keksa kabi timsollar sakkizta shaklda ko‘rinish berdi.
– Universitetda tahsil olaman. Biz, talaba yoshlarni o‘qishdan keyingi bo‘sh vaqtimizni mazmunli o‘tkazishimizda bu kabi ko‘ngilochar tadbirlarning o‘rni bo‘lakcha, – deydi Mirzaozod Mirzane’matov. – Namangan jamoliga ko‘rk bag‘ishlayotgan bog‘dagi shouda namoyish etilgan turfa ko‘rinishlar chindan ham hayratimizga sabab bo‘ldi. Qiziqarli tadbir kayfiyatimizni ko‘tardi. Kayfiyat yaxshiligi albatta, o‘qishimiz yaxshilanishiga ham olib keladi.
Dronlar shousini “Afsonalar vodiysi” bog‘iga to‘plangan tomoshabinlardan tashqari, mahalliy televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatilgan efirda minglab vatandoshlarimiz kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA