Namanganda Hindiston kompaniyasi bilan 50 million dollarlik memorandum imzolandi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati hokimligi hamda Hindistonning yetakchi tibbiyot kompaniyalaridan biri — “Krsnaa Diagnostics Ltd.” o‘rtasida 50 million AQSH dollari miqdorida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Avval xabar qilinganidek, joriy yil 1-mart kuni mazkur kompaniya vakillari viloyatdagi bir qator tibbiyot muassasalarida bo‘lib, mavjud sharoitlar bilan tanishgan edi. Kuni kecha esa “Krsnaa Diagnostics Ltd.” kompaniyasi Boshqaruv kengashi raisi Rajendra Mutha boshchiligidagi delegatsiya Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Krsnaa Diagnostics Ltd.” farmatsevtika va diagnostika sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lib, Hindistonning 150 dan ziyod tumanida 2000 dan ortiq diagnostika markazi va laboratoriyalar tarmog‘ini shakllantirgan. Kompaniya tasarrufida 150 dan ortiq kompyuter tomografiya (KT), 100 dan ziyod magnit-rezonans tomografiya (MRT) apparatlari hamda 1800 dan ortiq rentgen markazlari mavjud.
[gallery-28710]
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov mehmonlarni qabul qildi. Uchrashuv davomida kompaniya imkoniyatlari, sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqot yakunida Namangan viloyati hokimligi va “Krsnaa Diagnostics Ltd.” o‘rtasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha 50 million AQSH dollarlik o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum tomonlarning Namangan viloyatida investitsiya, sanoat va texnologik hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, yangi loyihalarni amalga oshirishda o‘zaro hamkorlik qilishga tayyorligini ifoda etadi. Loyihalarni 2026–2028-yillar davomida amalga oshirish rejalashtirilgan.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA