Namanganda ham endi BYD avtomobillari sotiladi
Avval xabar qilinganidek, yaqinda XXRga rasmiy safari davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shenchjen shahrida Xitoyning yetakchi “BYD” kompaniyasi bosh qarorgohi va texnologiyalar markaziga tashrif buyurdi hamda Jizzax viloyatida elektromobillar ishlab chiqarishga start berdi.
Quvonarlisi, kompaniyaning O‘zbekistonda BYD elektro va gibrid avtomobillari ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish va servis markazlarini tashkil etish borasida ham kelishuvga erishildi.
Kelishuv doirasida Namangan viloyatida ham “BYD” kompaniyasining rasmiy dileri, BYD avtosaloni va ularga kafolatli servis xizmatini ko‘rsatish markazi ochildi.
[gallery-15750]
Jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tgan taqdimot marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov qatnashdi.
Namangan shahrida joylashgan ushbu avtosalonga 25 milliard so‘mlik investitsiya kiritilib, 40 ta ish o‘rni yaratildi. E’tiborlisi, «NAMANGAN BYD» avtosaloni hududlarimizda ham o‘z filiallarini tashkil etishni rejalashtirgan.
Bayramona ruhda o‘tgan marosimdan so‘ng yangi avtosalonning ilk xaridoriga kompaniya sovg‘alari topshirildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA