Namanganda faol maxsus pedagoglar saralandi
Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida fidoyi, bilimdon va tashabbuskor pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib qadrlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, maxsus ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan pedagoglar imkoniyati cheklangan bolalarga ta’lim va tarbiya berish, ularni jamiyatga moslashtirish yo‘lida mas’uliyat bilan mehnat qilmoqda.
Umumta’lim muassasalarining inklyuziv ta’lim sinflarida faoliyat olib borayotgan maxsus pedagoglar o‘rtasida “Yilning eng faol maxsus pedagogi” tanlovining viloyat bosqichi Namangan shahridagi 3-sonli maktabida tashkil etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Respublika tashxis markazi direktori Liliya Gaynutdinova, Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Xayrullo Abdurahmonovning aytishicha, mazkur tanlov jonkuyar ustozlarni rag‘batlantirish, ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish hamda kasbiy mahoratini namoyon etmoqda. U orqali pedagoglarning ijodkorligi, innovatsion yondashuvi va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlari keng jamoatchilikka tanitiladi.

Ko‘rikning hududiy bosqichlarida Namangandagi 351 ta maktabdan eng faol, tashabbuskor hamda ilg‘or pedagoglar qatnashgan bo‘lsa, viloyat bosqichida 14 nafar ishtirokchi g‘oliblik uchun o‘zaro bellashdi. Jarayonda qatnashchilar amaliy ochiq korreksion-rivojlantiruvchi mashg‘ulot, “Mening pedagogik faoliyatim” taqdimoti, kasbiy bilim va kompetensiyalar sinovi kabi shartlar asosida baholandi.

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Uychi tumanidagi 23-sonli umumta’lim maktabining maxsus pedagogi Xurshida Shamsiddinova g‘olib deb topildi. G‘olibga joriy yil avgust oyida o‘tkaziladigan “Inklyuziv ta’limni rivojlantirish: muammolar va innovatsion yechimlar” mavzusidagi respublika konferensiyasida ishtirok etish huquqi berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.