Namanganda Turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan yurtimiz umumta’lim maktablari o‘quvchilari hamda mahalla yoshlari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Charm to‘p” futbol musobaqasining 14-16 yoshli bolalar ishtirokidagi Respublika bosqichi start oldi.
Davlatobod tumanidagi “Yosh kuch” va “Navbahor-Umid” o‘yingohida boshlangan, “Ommaviylikdan oliy mahorat sari” tamoyilini o‘zida aks ettirgan mazkur turnirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan saralangan 14 ta havaskor jamoa to‘rtta guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun bahslarga kirishdi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlarini rivojlantirish borasida olib borayotgan izchil sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, sayyoramiz bo‘ylab keng ommalashgan va sport turlari orasida millionlar o‘yini sifatida e’tirof etiladigan futbol yurtimiz miyoqsida ham quloch yozdi.
Qolaversa, barcha hududlarda zamonaviy futbol maydonlari va inshootlarning barpo etilayotgani ushbu sport turi bilan shug‘ullanayotgan yoshlar safini yanada ortishiga xizmat qilmoqda.
- “Charm to‘p” futbol musobaqasini turli yosh toifalarida an’anaviy ravishda tashkil etishdan asosiy maqsadimiz,O‘zbekistonda futbolni keng ommalashtirish, o‘g‘il-qizlarni ommaviy tarzda jismoniy tarbiya va sportga keng ko‘lamda jalb etish, bolalarni futbolga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishdan iborat, - deydi Turizm va sport vazirligining boshqarma boshlig‘i Zarina Abdullayeva.
[gallery-4760]
– E’tiborlisi shundaki, milliy va Olimpiya terma jamoalarimiz uchun yurtimizning turli hududlaridagi jajji iste’dod egalarini kashf qilish va saralash, ularni zaxiraga olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni shu maqsadda ushbu musobaqani O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mutaxassislari, selleksioner murabbiylar kuzatib borishmoqda.
Final bahslariga aynan Namangan mezbon sifatida tanlangani bejiz emas. Boisi, viloyatda futbol, ayniqsa bolalar futboliga alohida va tizimli e’tibor qaratilmoqda. Eng avvalo, viloyat markazidan tortib tumanlardagi chekka qishloqlargacha o‘yingoh va maydonlarning moddiy-texnik bazasi yaxshilandi. Ayniqsa, futbol akademiya tashkil etilib, uning faoliyati uchun alohida o‘quv binosi, mashg‘ulot maydoni va xalqaro talablarga javob beruvchi o‘yingoh barpo qilingani diqqatga sazovor. Qolaversa, viloyat ahlini futbolni sevishi butun Osiyoga dovrug‘ qozongan.
“Charm to‘p” an’anaviy futbol musobaqasining dastlabki turida Jizzax viloyati jamoasi Toshkent viloyati vakillarini 4:0, Navoiy viloyati futbolchilari sirdaryoliklarni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, musobaqada favorit sifatida kutilgan samarqandlik o‘smirlar andijonlik tengdoshlariga (1:3), mezbon Namangan viloyati terma jamoasi esa yon qo‘shnilari farg‘onaliklarga 1:2 hisobida yutqazib qo‘yishdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi - Surxondaryo viloyati hamda Qashqadaryo viloyati - Toshkent shahri jamoalari o‘rtasidagi bahslarda kuchlar teng keldi. Xisob 2:2.
Musobaqaning o‘smirlar ishtirokidagi Respublika bosqichi g‘oliblari nomiga 25 noyabr kuni aniqlik kiritiladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA