Mamlakatimizda, shu jumladan, Namangan viloyatida axborot-texnologiyalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqish va malakali mutaxassislarni tayyorlash borasida yana bir muhim qadam tashlanmoqda.
Xususan, viloyat hokimligining tashabbusi bilan “IT-park” hamkorligida Buyuk Britaniya bilan Xalqaro “IDU: International Didital University” oliy o‘quv yurtining filialini tashkil etish bo‘yicha investorlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

“Silk stars education” ta’sischisi, oliy o‘quv yurti investori Ibrohim Xurramov, “Team” universiteti kengashi vakili – “Westminster University” prorektori Alan Frans, “IT-Park” direktori Farhod Ibragimov bilan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Namanganda axborot-texnologiyalari sohasida xalqaro oliy o‘quv yurti filialini tashkil etish bo‘yicha kelishuv amalga oshirildi.
Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Farhod Mamadaliyevning ma’lum qilishicha, yangi oliy ta’lim muassasasini tashkil etishga mo‘ljallangan har bir ob’ekt bilan yaqindan tanishib chiqildi va filialning tashkiliy jihatlari bilan bog‘liq bir qator takliflar tayyorlandi.
“Westminster University” prorektori Alan Frans tomonidan joylardagi mavjud imkoniyatlarni o‘rganish, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar bilan suhbat davomida mavjud imkoniyatlar yuqori baholanib, kelgusida bu boradagi ishlar yuqori samara berishi ta’kidlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA