Namanganda 80 metrlik ulkan lavash tayyorlandi
Navro‘z – yangi rizq-ro‘z, kun va tun tenglashadigan, sharqona yangi yil. Fayzli ayyomda milliy qadriyatlarimiz o‘zaro mehr-oqibat rishtalari mustahkamlanadi. Ona tabiat bor go‘zalligini ko‘z-ko‘z qiladi, yanada chiroy ochadi.
Namangan shahrining Davlatobod tumanida joylashgan "Afsonalar vodiysi" tematik parkida bugun erta tongdan Navro‘z sayllari boshlandi. Sharqona yangi yil boshlanishini o‘zida ifoda etgan, ming yillarga borib taqaladigan, milliy qadriyatlarimiz tarannumi bo‘lgan Navro‘zi olam sayllarida bir-biridan ajoyib ko‘ngilochar shou-dasturlar namoyish etilib, aholiga ko‘tarinki kayfiyat ulashilmoqda. Ahamiyatlisi, viloyatda birinchi marotaba o‘ziga xos noan’anaviy tadbir, ya’ni haqiqiy ma’nodagi kutilmagan sovg‘a — 80 metrli ulkan mega lavash tayyorlanib bayram mehmonlariga taqdim etildi.

100 dan ortiq mohir oshpazlar mehnati evaziga tayyorlangan mega lavash Yangi Namangan tumani hokimligi tashabbusi bo‘lib, saylga uzoq yaqindan kelgan mehmonlar, yurtdoshlarimiz hamda xorijiy turistlar uchun bayram tuhfasi bo‘ldi.

– Mega lavash uchun 80 kilogramm go‘shtdan foydalaniladi, – deydi Yangi Namangan tumani hokimining matbuot kotibi Abbosbek Sattorov. – Ulkan taomni pishirishda shuningdek, 40 kilogramm pomidor va bodring, 15 kilogramm qovurilgan kartoshka (chipslar), 20 litr sous hamda boshqa mahsulotlar ishlatildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, mamlakatimizda shunday taomga bundan avval Toshkent shahrida kirishilib, 31,5 metrli lavash tayyorlangan edi. Bayram sayllari viloyatning barcha tumanlarida ko‘tarinki ruhda davom etmoqda. Asosiy bayram tadbirida Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA