Namanganda 1000 o‘rinli zamonaviy xususiy maktab foydalanishga topshirildi
FOTOREPORTAJ
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda keng nishonlanayotgan bayram tadbirlari doirasida Namangan viloyatida aholi uchun muhim ahamiyatga ega qator ijtimoiy ob’ektlar foydalanishga topshirilmoqda.
Shunday loyihalardan biri Yangi Namangan tumanining Mehnatobod mahallasida barpo etilgan «NOVDA SCHOOL» xususiy maktabidir. Qiymati 8 milliard so‘m bo‘lgan mazkur zamonaviy ta’lim muassasasi 1000 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan.
[gallery-31184]
Uch qavatli, zamonaviy arxitektura yechimlari asosida qurilgan maktabda ta’lim olish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Unda zamonaviy jihozlangan sinf xonalari, oshxona hamda uzoq hududlardan qatnab o‘qiydigan o‘quvchilar uchun yotoqxona mavjud.
Maktabning tantanali ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi barchani Mustaqillik bayrami bilan samimiy qutlab, ushbuzamonaviy ta’lim muassasasi yosh avlodning sifatli bilim olishi, ularning iqtidori va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Yangi ta’lim muassasasining foydalanishga topshirilishi Namangan viloyatida aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan bunyodkorlik ishlarining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA