Namangan viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Mahalla” fondi Respublika boshqaruvi raisi sayyor qabul o‘tkazdi
O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi raisi Dilshod Usmonov Namangan shahrining Yangi Namangan tumanida Bunyodkor, Saxovat, Mustaqillikning besh yilligi, Yoshlik mahallalalari aholisi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish va mavjud muammolarini bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi.
Namangan shahar va Yangi Namangan tumani hokimliklari hamkorligida tashkil qilingan ushbu sayyor qabul davomida 17 fuqaroning murojaatlari tinglandi.
Tadbir davomida har bir murojaatga alohida e’tibor qaratildi. E’tiborga muhtoj murojaat egalariga 1 million so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, 4 kishiga tikuvchilik mashinalari taqdim etilgan bo‘lsa, yana 3 nafar fuqaroga salomatligini mustahkamlash uchun tibbiyot muassasalariga yo‘llanmalar berildi.
Yong‘indan jiddiy zarar ko‘rganlarga yordam ko‘rsatildi

Namangan shahridagi ko‘hna manzillardan biri – Kurashxona mahallasining “Hunarmand” ko‘chasi, 4-berk, 6- “a” uyda yashovchi Olimjon Satimovning uyida shu yil noyabr oyida yong‘in sodir bo‘lib, uy-joy va yashash sharoiti masalasida talay muammolar yuzaga kelgan edi.
O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi raisi Namangan shahar hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlari hamrohligida uy-joy va barcha jihozlari jiddiy zararlangan mazkur oilaning yashash sharoitlari bilan tanishdi.
Fond rahbariyati tomonidan xonadon sohibiga 10 million so‘m miqdorida moddiy yordam, oziq-ovqat mahsulotlari va ko‘rpa-to‘shak topshirildi.
Namangan shahar hokimi G‘ofurjon Jamolov uyi yong‘indan zarar ko‘rgan oilaning yashash sharoitini yaxshilashi uchun bank orqali ipoteka krediti ajratish va uy-joy uchun boshlang‘ich to‘lovini hal etib berish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Nogironligi bor xonadonga quvonch ulashildi
Taqdir taqozosi bilan yura olmaydigan, imkoniyati cheklangan, nogironligi bor kishilar aslo mehr va e’tibordan chetda emas. Ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida davlat idoralari bilan bir qatorda nodavlat-notijorat tashkilotlari tomonidan ham ezgu ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Namangan shahar prokurori mas’ul sanalgan ikkinchi sektor hududida joylashgan “Kurashxona” mahalla fuqarolar yig‘ini Qodir Mamarasulov ko‘chasida istiqomat qiluvchi, bolalikdan birinchi guruh nogironligi bor Zuhriddin Bahriddinov tayanch-harakatlanish tizimida muammolari tufayli nogironlik aravachasiga ehtiyoj yuzaga kelgan. Ammo oiladagi moddiy yetishmovchilik sababli aravacha sotib olish imkoniyati chegaralangan edi.
Ushbu xonadon egalari ham yo‘qlab borildi. Kelasi yili tabarruk 60 yoshni qarshi oladigan Zuhriddin Bahriddinovga fond hisobidan nogironlik aravachasi va kundalik turmush uchun zaruriy oziq-ovqatlar to‘plami topshirildi.
Kam ta’minlangan oilaga tikuv mashinasi sovg‘a qilindi
Yangi Namangan tumanidagi “Mustaqillikning besh yilligi” mahalla fuqarolar yig‘ini “1-Doston” ko‘chasida yashovchi Shahnoza Ismoilova 82 yoshli betob qaynonasini parvarishlayotgani uchun doimiy ishlashga imkoniyati bo‘lmadi. Keksa onaxonning betobligi tufayli turmush o‘rtog‘i ham vaqtinchi ishsiz. Biroq chevarchilikka layoqati borligi, tikuvchilik dastgohi topshirilsa, oilasining moddiy sharoitini yaxshilash uchun mehnat qilishini bildirgan.
Mazkur murojaat “Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi tomonidan joyiga borib, o‘rganilib, zarur yordam ko‘rsatish choralari ko‘rildi. Haqiqatan ham e’tiborga muhtoj mazkur xonadonga zamonaviy tikuvchilik mashinasi taqdim etildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA