Namangan viloyati hokimiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
Namangan viloyati hokimligida rahbar kadr tayinlovlari amalga oshirildi.
Xondamir Hakimovich Oxunboboyev Namangan viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. U mazkur lavozimda faoliyat yuritgan Botirxon Qodirxonovich Nuriddinovning o‘rnida ishga kirishdi.

Xondamir Oxunboboyev 1989-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2013-yili Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi pedagog.
Mehnat faoliyatini 2012-yilda Namangan viloyati hokimligining kompyuterlashtirish markazida bosh mutaxassis sifatida boshlagan. Keyinchalik u Investitsiyalar davlat qo‘mitasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi, “Aisha Home Textile” qo‘shma korxonasi, Namangan viloyati investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasida turli mas’ul va rahbarlik vazifalarida ish olib borgan.
Tayinlovga qadar “Namangan erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat muassasasi direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
***
Azizbek Baxtiyor o‘g‘li Abdusalomov Namangan viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U mazkur lavozimda faoliyat yuritgan Anvarjon Botiraliyevich Hakimovning o‘rnida ishga kirishdi.

Azizbek Abdusalomov 1992-yilda Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, Namangan muhandislik-texnologiya institutini tamomlagan. Mutaxassisligi – muhandis-texnolog, iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini Mingbuloq tumanidagi “Azizbek Abdusalomov” fermer xo‘jaligida boshlagan. Keyinchalik u Mingbuloq tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Namangan viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Namangan viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasida turli mas’ul va rahbarlik vazifalarida faoliyat yuritgan.
Tayinlovga qadar Mingbuloq tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ish olib borayotgan edi.
Mazkur tayinlovlar Namangan viloyat hokimining tegishli qarorlari bilan amalga oshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.