“Inson qadri uchun” tamoyili asosida yuritilayotgan siyosat natijasida nafaqat respublikamiz, balki xorijiy davlatlarda xizmat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlarimizning huquqiy manfaatlarini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Namangan viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov xorijda tahsil olayotgan va ishlayotgan yoshlar bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi binosidagi studiyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyat sektor rahbarlari, viloyat hamda shahar, tuman hokim o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idora va tegishli tashkilot mutasaddilari, xorijdagi yigit-qizlarning ota-onalari ishtirok etdi.


Unda 2024 yilning boshida olis yurtlardagi namanganlik migrantlar soni 117 ming nafarni tashkil etgani, olib borilgan amaliy ishlar natijasida hozirda ularning soni 64 ming qolgani, yil oxirigacha yana 14 ming nafar kam daromadli hamyurtlarimizni O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda Shavkat Abdurazzoqov hozirgi kunda xorijiy mamlakatlarda bo‘lib turgan 100 nafarga yaqin yosh bilan onlayn muloqot o‘tkazdi va muammolarni tinglab, ularga yechim topish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.


Muloqot jarayonida bugungi kunda AQSH, Buyuk Britaniya kabi rivojlangan davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida tahsil olayotgan yoshlar ham o‘z takliflarini bayon qildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.