Namangan teatr sahnasida Usmon Nosir siymosi
Namangan viloyati musiqali drama teatrida otashnafas shoir Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo dramasi asosida sahnalashtirilgan “Usmon Nosir” spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Elimizning ardoqli farzandi Usmon Nosir butun hayoti davomida “to‘rt tomoni muz o‘lka”da otashnafaslik, o‘zgacha junun bilan yonib ijod qildi. Ming asrlik muzliklarni parchalab tashlab, xalqining sovuq qotgan jismiga iliqlik baxsh etdi. Dramaning mohiyatiga kuch qo‘shgan ham aynan, shoirning kurashi. Spektakl davomida bu kurash ko‘rinishdan ko‘rinishga kuchayib, alanga olib boradi. Puch g‘oyalar asosida tiklangan, Stalin asos solgan “uchlik” hukmronligi, jamiyatning ijtimoiy hayoti, qattol tuzum ishga tushirgan qatag‘on “mashina”ning Markaziy Osiyoga shitob bilan kirib kelishi sahna asarida yorqin iste’dod Usmonning atrofini tumanday qurshab boradi. Bu qop-qora tuman orasida shoirning ko‘zida quvonch bo‘lib toshadigan volidasi, Nasimasi, salaflari Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat siyratlari bor. Tili tarjima qilishga ojizlik qiladigan yuragining she’rlari bor. Eng muhimi, xalqining yillar o‘tib tumandan xalos bo‘lishiga ishonchi asarda alohida ajralib turadi.
[gallery-9604]
Drama ta’bir joiz bo‘lsa shoir Usmon Nosirga xalqi, teatr va butun asar ijodkorlari tomonidan o‘rnatilgan timsoliy haykaldir. Temir panjara ortidagi voqealar mash’um qatag‘on davrida millatimiz gullarining Sibir qahratonlaridagi tahqirli hayotini achchiq faryodlari, so‘nmas hayqiriqlari bilan ta’sirchan ifodalandiki, teatr ijodkorlarining mehnati san’atshunos mutaxassislar, adabiyotshunos olimlar, teatr ixlosmandlari tomonidan alohida e’tirof etildi.
– Bu sahna asari, nainki Namangan, balki o‘zbek teatr san’atining chinakam yutug‘idir. Spektakldagi fojia ruh, jamiyat fasodi, fisq-fujurlar girdobi, qattol davr sitamlarining yorqin namoyishi tomoshabinni titratdi. Sahnadagi Vatan va millat dardi to‘lg‘oqlaridan, spektakl davomida ufurib turadigan ogohlik sadolaridan tomoshabin sergak tortdi, yangilandi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi rahbari, shoir Ziyoviddin Mansurov. – Spektaklda Usmon Nosir va bu rol ijrochisi iste’dodli aktyor Abror Muhiddinovning faryodi, drama muallifi, O‘zbekiston Xalq shoiri Iqbol Mirzoning fig‘oni, spektakl rejissyori, mahoratli san’atkor Asqar Xolmo‘minovning fikri, ayni chog‘da teatr jamoasining chin ma’nodagi intellektuallik intilishlari mujassam.
Bir so‘z bilan aytganda, spektaklni ko‘rish jarayonida tomoshabinlar oyoqqa qalqdi, ko‘zlarda yosh namlandi. Aksar kishilar teatrga yaqinlari, oila va jamoalari bilan kelishni diliga tugdi. Xullas, tomoshabinlarni teatr zallariga qaytaradigan mana shunday sahna asarlari bardavom bo‘lsin.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.