Namangan: takroriy ekinga ham tomchilatib sug‘orish (+video)
Namangan viloyatida 68 ming gektar maydonga don ekilgan bo‘lib, fermerlar o‘rtacha 80-90, hatto ayrimlari 100 sentnerga yetkazib hosil olishmoqda. Mana endi ular viloyat bo‘yicha ertaki ekinlar va g‘alladan bo‘shagan 73555 gektarda takroriy ekin ekish ishlarini ham yakunlayaptilar.
Viloyatdagi bironta tuman bu borada peshqadam yoki oqsayapti deya olmaysiz. Barcha baravar harakat qilyapti. Masalan, Namangan tumani ham.
–Bugungi kunga qadar g‘alladan o‘rtacha 82 sentnerdan hosil ko‘tarib 50 ming tonnalik xirmon bunyod etildi tumanimizda, – deydi Namangan tumani qishloq xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i Azizbek Usmonov. – Davlat zaxirasi uchun 21 ming tonna g‘alla g‘amlab, qolganini fermerlar, ishchilariga berildi, sahovat omborlariga g‘amlandi.

“Ahmadjon G‘ulomov Ahmadjonovich” fermer xo‘jaligi har sohada ilg‘or. Takroriy ekin ekish uchun avvalo yerlarni taqsimot qilishdi.
–Davlat rejasini ortig‘i bilan bajardik. Fermer xo‘jaligining har bir a’zosiga ixtiyorimizda qolgan dondan hatto 4 tonnagacha tarqatdik, – deydi “Ahmadjon G‘ulomov Ahmadjonovich” fermer xo‘jaligi rahbari Ahmadjon G‘ulomov. –G‘alladan bo‘shagan maydonning 4 gektarini kam ta’minlangan oilalar va yoshlarga 15-20 sotixdan bo‘lib beramiz, qolganini esa ishchilarimizga tarqatdik. Karam, sabzi, qizilcha va ozuqa ekinlari ekdik.

Mana bu maydonlar ham shu fermer xo‘jaliginiki edi. Endi vaqtincha uning egasi boshqa, aniqrog‘i fermer emas, fermer xo‘jaligi ishchilari. Masalan, bu karam ekilgan maydonlar Otabek Forsiyevlar oilasiga qarashli. Shuning uchun ular muhabbat bilan har tup ko‘chatni parvarishlamoqda.
–Prezidentimizga ming rahmat takroriy ekin yerini xalqqa ber dedilar, xalq shundan foydalanib daromad ko‘rsin dedilar, –deydi Otabek Forsiyev. –Ikkita o‘g‘lim Qozog‘istonda edi ularni ham chaqirdim. Oilamga 2 gektar yer berishdi. Sholg‘om, turp, qizilcha, sabzi, karam hammasidan ekdik.

Hozir qaysi dalada bo‘lmang, g‘alladan bo‘shagan maydon xaydalayotgani, tekislab chizellanayotgani, sara urug‘lar ekilayotganini ko‘rasiz. Bu maydonlarga ham meyorlangan, dorilangan va sinab ko‘rilgan urug‘ paykalga tushganidan keyin suv beramiz, – deydi muroblar. Ha, Namangan tumanining yerlari har hududda o‘ziga xos yondashuvni talab qiladi.
–5475 gektarga takroriy ekin ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungacha 70 foiz maydon, ya’ni 3900 gektardan ortiq maydonda takroriy ekin ekish ishlari amalga oshirildi, – deydi Azizbek Usmonov. –Jumladan mosh, yer yong‘oq, sabzavot ekinlari ekilyapti. Tumandagi 214 gektar takroriy ekin maydonlariga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi.

Takroriy ekinga tomchilatib sug‘orish usuli ilgari qo‘llanmagan. Ammo, tumanda shunday maydonlar borki, oqin suv u yerlarga yetib bormaydi. Ikki-uch ko‘tarma nasoslar yordamida suv yetaklab keladilar. Masalan, “Musaffo iqlim trans servis” ko‘ptarmoqli fermer xo‘jaligida shunday.
–Ekin maydonlarimiz ko‘tarma nasoslar orqali suv ichadi, – deydi fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Rahmatillo Umarov. –Harajatlarni kamaytirish maqsadida tomchilatib sug‘orishni joriy qildik. Bunday usulda harajatlar ikki barobarga kamayar ekan. Avvallari bir kunda bitta nasos bilan 4 gektar maydonni arang sug‘orolsak, tomchilatib sug‘orish usulida bir kunda 10 gektardan ortiq maydonni sug‘oryapmiz. Qolaversa, nasoslarga sarflanayotgan elektr quvvati ham tejab qolinyapti.

Fermerga erk kerak. U o‘zi biladi, qachon, qaysi navni ekishni, qachon sug‘orish-u qay usulni qo‘llashni. Bu yerda ham erkin qarorga kelingan. Hech kim ularni tomchilatib sug‘orish usulini qo‘lla, deb majburlamagan. Namanganning bugungi fermeri hisobini ham, kissasini ham o‘ylaydi. Hosildorlik va daromad asosiy natija, uning uchun.
–Biz chorvachilik yo‘nalishida bo‘lganimiz uchun takroriy ekinga makkajo‘xori ekamiz. Ko‘chat 70-80 santimetrga ko‘tarilganidan keyin maydonga texnika kira olmaydi. Ya’ni mineral o‘g‘it sola olmas edik. Endi tomchilatib sug‘orish usuli qo‘llangach o‘g‘itni istalgan paytda suv bilan berishimiz mumkin.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pJwhWERl-V0" title="Namangan: takroriy ekinga ham tomchilatib sugʻorish" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Darvoqe, G‘ulomjon aka bilan boya paxta dalasida uchrashgan edik. Axir u g‘allani ham, takroriy ekin ekishni ham tugallaganda.
–31,5 gektar maydonning barchasiga “Andijon–35” navli chigit ekdik. Suvsizlikka chidamli. Hosildorligi yaxshi. Bugun har tupda 8 tagacha bo‘liq ko‘sak bor, – deydi fermer G‘ulomjon Ahmadjonov. –O‘tgan yili ham shu navdan ekib, gektaridan 51 sentnerdan paxta olgan edik. Bu yil hosil bundan ham oshadi.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA