Namangan kostyumlari xorijda
Namangan viloyatidagi “Istiqlol”, “Iftixor kiyim sanoat”, “Zamin lyuks tekstil”, “Tekstil libos”, “Faxr tekstil savdo”, “Rauf Aziz”, “Mohinur liboslari”, “Namangan kiyim sanoati”, “So‘g‘diyona fayz tekstil” singari 40 ga yaqin korxonada yuqori sifatli, xushbichim, import o‘rnini bosuvchi, eksportbop kostyumlar ishlab chiqarilmoqda.
Namangan viloyatidagi “Istiqlol”, “Iftixor kiyim sanoat”, “Zamin lyuks tekstil”, “Tekstil libos”, “Faxr tekstil savdo”, “Rauf Aziz”, “Mohinur liboslari”, “Namangan kiyim sanoati”, “So‘g‘diyona fayz tekstil” singari 40 ga yaqin korxonada yuqori sifatli, xushbichim, import o‘rnini bosuvchi, eksportbop kostyumlar ishlab chiqarilmoqda.Namangan shahrida faoliyat yuritayotgan “Lyuks plyus servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda barqaror rivojlanishga erishayotir.
Erkaklar va bolalar kostyumlari, pidjak, kurtka va paltolar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona bozorning talab-takliflari asosida ish yuritib, qisqa vaqtda eksportchilar safidan joy oldi. Ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga kengayib, mahsulot turi va sifati oshmoqda. 2009-yilda 300 million so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 42 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich tegishli ravishda 5 milliard 200 million so‘m va 327 ming dollarga yetdi. Joriy yilning birinchi choragida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 1 milliard 740 ming so‘m, eksport hajmi 80 ming dollarni tashkil etdi. Bunda korxonada bosqichma-bosqich amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari muhim omil bo‘lmoqda.
– Mahsulotlarimiz qator xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda, – deydi “Lyuks plyus servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Tohirjon Jo‘rayev. – Ayni paytda mahsulotimizga qiziqish bildirayotgan boshqa davlatlar bilan ham shartnomalar tuzilmoqda. Yil yakuniga qadar eksport hajmini 200 ming dollarga yetkazishni rejalashtirganmiz.
Korxonada ishlab chiqarish hajmi va mahsulot turini kengaytirishga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Prezidentimizning 2015-yil 24-noyabrdagi “2016-2019-yillarda Namangan viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida korxona o‘z mablag‘i hisobidan qiymati 1 million 384 ming dollarga teng yangi loyihani amalga oshirish arafasida. Yangi ishlab chiqarish sexi uchun bino qurib bitkazildi. Ayni paytda Yaponiya va Turkiyadan qariyb 90 ming dollarlik zamonaviy tikuv dastgohlari va texnologiyalarini keltirish ustida ish olib borilmoqda. Mustaqilligimizning 25-yilligi bayrami arafasida ishga tushirilishi mo‘ljallangan ushbu loyiha 150 ishchi mehnat qilayotgan korxonada qo‘shimcha 50 yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
“Lyuks plyus servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “Vakkoni” savdo belgisi bilan tayyorlanayotgan xushbichim, yuqori sifatli kostyumlarning jahon bozorida xaridori ortib borayotgani korxona jamoasini yangi rejalar, biznes loyihalar ustida izlanishga undamoqda.