Namangan gimnastikachilari xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda
FOTOREPORTAJ
Yangi Namangan tumanida joylashgan Namangan viloyati gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida bugungi kunda 34 nafar trener-o‘qituvchi yosh sportchilarni tayyorlash yo‘nalishida faoliyat olib bormoqda. Muassasada gimnastikaning badiiy va sport yo‘nalishlarida iste’dodli yoshlarni saralab olish, ularning mahoratini oshirish hamda yuqori natijalarga erishishga qaratilgan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
O‘tgan 2025 o‘quv yili yakunlariga ko‘ra, sport maktabi tarbiyalanuvchilari respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda faol ishtirok etib, jami 120 ta medalni qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, ular orasida 6 nafar jahon chempionati sovrindorlari ham mavjud. Bu natijalar viloyatda gimnastika sohasi izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, erishilayotgan yutuqlar zamirida murabbiylar salohiyati, sportchilarning intizomi va doimiy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda, zamonaviy sport infratuzilmasining yaratilgani muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yosh murabbiy Holida Satimova uch yildan buyon badiiy gimnastika yo‘nalishida qizlar bilan ishlab kelmoqda. Uning ta’kidlashicha, mazkur sport turi nafaqat jismoniy rivojlanish, balki bolalarda iroda, diqqat va estetik didni shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
2026-yilda sportchilarni yanada muhim xalqaro musobaqalar kutmoqda. Mazkur startlar yosh gimnastikachilar uchun o‘z mahoratini namoyon etish va yangi yutuqlarga erishishda muhim bosqich bo‘lishi kutilmoqda.
[gallery-28841]
Ma’lumot uchun, sport maktabida hozirgi kunda badiiy gimnastika yo‘nalishi bo‘yicha 278 nafar qiz o‘quv-mashg‘ulot guruhlarida, 300 dan ortiq qiz esa sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlarida muntazam ishtirok etmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA