Nafs balosi sudga yetakladi
Noyob jonivorlar-- yurtimiz tabiat olamining o‘ziga xos boyligi.
Ularni asrash va ko‘paytirish juda muhimligi nazarda tutilib, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan. Turkiston mo‘ylovdor balig‘i shular toifasiga mansub. Uni ovlash qat’iy taqiqlangan. Afsuski, ayrim kimsalarning nafs balosi chegara bilmaydi. Buxoro viloyatining Olot tumani Yosh botir” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi B.B, I.E, S.T. va “Bo‘ston”MFY hududida istiqomat qiluvchi N.O. sud kursisiga yetaklagan narsa ham shu.
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish nazorati bo‘yicha Olot tumani inspeksiyasi inspektorlari hamda Milliy gvardiya xodimlari hamkorlikda Dengizko‘l tabiiy ko‘liga suv quyuvchi Dengizko‘l tumanlararo kollektori bo‘ylab o‘tkazgan reyd jarayonida yuqoridagi kimsalar jinoyat ustida qo‘lga tushdi.
Qisqasi, nafs bandalari Qizil kitobga kiritilgan 10 dona Turkiston mo‘ylovdor balig‘i, bundan tashqari, jami 152 dona Oq Amur, tovonbaliq, ilonbosh, leshch, zog‘ora va moy baliqlarini ovlayotgani qayd etildi. Bunda ikki dona rezina qayiq, ikki dona sachok(qo‘lbola ov savati), bir dona akkumulyator, to‘rt dona eshkak hamda eng achinarlisi, taqiqlangan elektr qarmoqda foydalanilgani ham rasmiylashtirildi. Xullas, tegishli hujjatlar tuman ichki ishlar bo‘limiga taqdim etildi.
Mazkur idora noqonuniy ov holatlarini mufassal o‘rgandi. Ish esa jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudida ko‘rib chiqildi.
Dalillarga asoslangan sud hukmiga ko‘ra, nafs bandalari tomonidan tabiatga yetkazilgan 114 million 666 ming so‘m miqdoridagi zarar viloyat ekologik va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hisob raqamiga undirilishi belgilandi. Bundan tashqari, qonunbuzar to‘rt fuqaroga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Afsuski, tumanda tabiatga nopisandlik bilan bog‘liq boshqa bir holat ham qayd etildi. Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish Olot inspeksiyasi rahbari Murod Egamovning bildirishicha, hududda ekologiya daxlsizligi uchun mas’ul idora inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi reyd tadbirida “Oq oltin” MFY xududida oqib o‘tuvchi ichki kollektorda fuqaro Z.B va E.P tomonidan elektr qarmoq yordamida nokonuniy baliq ovlanayotgani aniklangan. Daliliy ashyo sifatida 1 dona elektr qarmoq, 2 dona akkumlyator, 1 dona rezina qayiq, 2 dona eshkak, 1 dona sachok ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Mazkur ish tuman ma’muriy sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan va uning qaroriga ko‘ra, qonunbuzarlarga bazaviy hisoblash miqdorining 17 baravari miqdorida jami 3 million 791 ming so‘m jarima va tabiatga yetkazilgan zarar 1 million 70,4 ming so‘m davlat foydasiga undiriladigan bo‘ldi. Qolaversa, qayiq va eshkak ham musodara etildi, 1 dona elektr qarmoq, 2 dona akumlyator va 1 dona sachok tegishli tartibda yo‘q qilindi.
Jarima va zarar hamda daliliy ashyolari baholansa, nafs bandalariga noqonuniy ov juda qimmatga tushdi. Uch dona baliq, deya shuncha tashvishu mashmashaga qolishlarini bilganlarida, bu ishga qo‘l urishmasdi. Bunday holatlarning sabog‘i borligini anglatish uchun buxorolik ekologlar tavsiyasiga ko‘ra, o‘tgan yili sodir bo‘lgan jayron ovi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz voqeani eslashni maqsadga muvofiq bildik.
Xullas, Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanilik 37 yoshli fuqaro P.Aning ko‘ngli jayron go‘shtini tusab qolibdi.U Olot tumani hududidagi cho‘lda Qizil kitobga kirgan noyob jonivorlar yashashini bilgan bo‘lsa kerak, shu tomonlarga yo‘l oladi va ikki bosh jayronni otib nobud qiladi. Hududda nazorat olib borayotgan, ov paytidagi miltiq ovozini eshitgan Buxoro viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borishadi.
Shu yerning o‘zida P.A. tomonidan hayvonot olamiga 22,3 million so‘m zarar yetkazilgani haqidagi hujjat rasmiylashtirildi. Bu qonunbuzarlik ishini ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan aybli topilgan fuqaroga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosini tayinladi. Hozirda 22,3 million so‘m miqdorida yetkazilgan zarar undirildi.
Demak, noqonuniy baliq ovi shaydolari ham tabiatga yetkazilgan zararni to‘lashdan bo‘yin tovlay olmaydilar.
Erkin YODGOROV,
O‘zA