"Nafosat–2025" ko‘rik-tanlovi g‘oliblari
Guliston shahridagi Tadbirkorlar va hunarmandlar markazida "Milliy fashion show" – "Milliy liboslar festivali" doirasida dizaynerlar o‘rtasida "Nafosat–2025" ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi hamda milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Sirdaryo viloyat hokimligi, oila va xotin-qizlar boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari– Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etib, mazkur tadbir o‘zbek xalqining boy tarixi, qadimiy urf-odat va an’analarini avloddan avlodga yetkazuvchi muhim vosita ekanligini ta’kidladi.

"Milliy fashion show" – "Milliy liboslar festivali" doirasida tashkil etilgan "Nafosat-2025" ko‘rik-tanlovida yosh, iqtidorli dizaynerlar o‘zlarining o‘zbek milliy urf-odat hamda qadriyatlarini o‘zida aks ettirgan to‘plamlarini hakamlar hay’ati a’zolari va ishtirokchilarga namoyish etgan bo‘lsa, qo‘ligul, hunarmand ayollarimiz tomonidan qo‘l mehnati orqali yaratilgan hunarmandchilik mahsulotlarining ko‘rgazmasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Toshkent shahridagi Ayollar dizayni oliy o‘quv yurti bitiruvchisi, "Milliy liboslar" va "Nafosat" ko‘rik-tanlovlarining viloyat va respublika bosqichlari sovrindori, milliy libos, "popop" hamda qo‘l bezaklari ya’ni "bisser" yo‘nalishida Guliston tumanining Yulduz mahallasida ,,Dilrabo Emin” brendi asosida faoliyat olib borayotgan tadbirkor Dilrabo Eminjonova 1-o‘ringa sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Guliston shahrida" Difa High Fashion" brendi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan Dilafro‘z Allayorova esa shogirdlari– O‘zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasiga qarashli Sirdaryo viloyat ixtisoslashgan san’at maktab-internatining dizayn yo‘nalishi o‘quvchi qizlari bilan milliy, Etno va zamonaviylik uyg‘unlashgan avangard uslubda yaratgan liboslar to‘plami bilan 2-o‘rinni, Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti bakalavri, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti magistratura bosqichi bitiruvchisi liboslar dizayneri, hozir "Mursak” brendining yosh dizayneri Shohsanam Abdurahmonova milliy adras matolarimizdan zamonaviy fasonlarda yaratilgan Etno yo‘nalishdagi liboslar to‘plami bilan 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatida “Sirdaryoda milliylik trendda” xeshtegi ostida foto-video materiallar, maqola, postlar, qisqa metrajli ijtimoiy roliklar, blog hamda fleshmoblar tanlovi natijalari ham e’lon qilinib, unga ko‘ra Boyovut tumanining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi 1-o‘ringa, Sirdaryo tuman madaniyat bo‘limi 2-o‘ringa, Xovos tumani Oqchangal mahallasi 3-o‘ringa munosib deb topildi.
Tanlov g‘oliblariga mukofotlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari– Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova tomonidan topshirildi. G‘oliblarga qo‘mitaning tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari ham taqdim etildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri