Nafaqadagi jurnalist maktabga 300 ta kitob sovg‘a qildi
Sirdaryo viloyati jurnalistikasining faxriy ijodkori, 62 yoshli nafaqadagi jurnalist To‘lqin Ahmadaliyev “Maktabimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi doirasida Guliston shahridagi 7-sonli umumta’lim maktabiga shaxsiy kutubxonasidan yangi yil tuhfasi sifatida 300 dona eng sara adabiyot sovg‘a qildi.
To‘lqin Ahmadaliyev ko‘p yillar O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA, “Pravda Vostoka”, “Narodoye slova”, “Novaya Sыrdarya” (eski “Sыrdarinskaya pravda”) va boshqa ommaviy axborot vositalarida ishladi.
– Maktab pedagogik jamoasi ahil-inoq, kasbiga hurmat va sadoqati yuksak, kitobga bo‘lgan muhabbati cheksiz, – deydi To‘lqin Ahmadaliyev. – Maktab kutubxonasi hamisha o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan gavjum. Maktab kutubxonasi fondi 10 ming nusxaga yaqin bo‘lib, jamoada kutubxonaga a’zo bo‘lmagan o‘qituvchi va o‘quvchi yo‘q. Eng yaxshi sovg‘a bu – kitob ekaniga ishonchim komil. Ana shu sabablardan men uchun bebaho bo‘lgan boyliklarimni maktab kutubxonasiga sovg‘a qildim.
To‘lqin Ahmadaliyevning shaxsiy kutubxonasida 2 ming nusxadan ortiq jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari, eng sara va noyob asarlar o‘rin olgan.
– Kutubxona fondi ko‘proq ota-onalar hisobiga boyir edi, – deydi maktab direktorining ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ma’rifat Boboqulova. – Bu kitoblar esa kitobxonlar uchun juda ajoyib va qimmatli sovg‘a bo‘ldi.
A.Qayumov, O‘zA