Nafaqa va yordam pullari tarqatilishida qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyildi
Davlat byudjeti ijrosida mamlakatimizda olib borilayotgan aholini ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati oʻz aksini topgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yigʻilishida 2020-yil birinchi yarim yil yakunlari boʻyicha Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi atroflicha tahlil qilindi.
Davlat byudjeti ijrosida mamlakatimizda olib borilayotgan aholini ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati oʻz aksini topgan. Har bir davlatning byudjeti ijrosiga qarab, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga baho berish mumkin. Pandemiya davrida bu masala, ayniqsa, dolzarbdir.
Taʼlimni rivojlantirish, sogʻliqni saqlash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari har doim eʼtibor markazida turibdi. Davlat byudjetidan ana shu yoʻnalishlarga koʻproq mablagʻ yoʻnaltirish, yaʼni aholining turmush farovonligini oshirish choralari koʻrilyapti. Shunday muhim paytda byudjet mablagʻlarining rejalashtirilgan ezgu maqsadlar uchun oqilona yoʻnaltirilishi har tomonlama dolzarb va hammamizni oʻylantiradigan masaladir.

Hisobot davrida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) hajmi joriy narxlarda 255,3 trillion soʻmni tashkil etgan. Pandemiya bilan bogʻliq butun dunyodagi cheklovlar mamlakatimiz iqtisodiyotiga, aksariyat koʻrsatkichlarga taʼsir oʻtkazgan, albatta.
COVID-19 pandemiyasi taʼsirida aholi harakatchanlik indeksi sekinlashgan, karantin choralari taʼsiri 2020-yil yanvar-iyun holatiga aholi umumiy daromadlarida ham oʻz aksini topgan. Natijada aholi umumiy daromadlari 176 trillion soʻmni tashkil etgan. Muhokamalar jarayonida ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan mablagʻlarning qanchalik samarali sarflagani masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Davlat byudjeti xarajatlarida ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablagʻlar ulushi yildan-yilga oshirib borilyapti. Xususan, hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 34 trillion 665 milliard soʻm yoki umumiy xarajatlarning 53,4 foizi miqdorida mablagʻ sarflandi. Bu xarajatlar YAIM ga nisbatan 13,9 foizni tashkil etgan.

Sogʻliqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan 8 trillion 71,5 milliard soʻm yoʻnaltirildi. Shuningdek, nafaqalar, moddiy yordam, kompensatsiya toʻlovlari va aholi bandlik darajasini oshirishga 3726,7 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.
Pandemiya va karantin cheklovlari bilan bogʻliq qiyin vaziyatda mablagʻlarning samarasiz sarflanishi, ayniqsa, talon-taroj holatlari koʻpaygani tanqid qilindi. Hukumat, mutasaddi vazirlik-idoralar byudjet mablagʻlarining sarflanishi boʻyicha shaffof tizim yaratish ishlarini keskin kuchaytirishi zarurligi taʼkidlandi. Nafaqa va yordam pullari tarqatilishi jarayonida qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyildi, ijtimoiy soha obyektlarini qurish va taʼmirlash jarayonlari ochiqligi taʼminlangani yoʻq.
Davlat byudjeti ijrosini taʼminlashda parlamentdagi muhokamalar bilan birga, joylarda, tarmoqlarda bevosita, tezkor tahlillar oʻtkazish, shu orqali qonunchilikning taʼsirchanligini oshirish muhimligi qayd etildi. Shu asosda OʻzXDP fraksiyasining Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari ijrosi yuzasidan pozitsiyasi ishlab chiqildi.