O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugun Suriyaga qarshi o‘ynaydi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi FIFA kunlaridan unumli foydalanib, xalqaro maydonda bir qator o‘rtoqlik uchrashuvida ishtirok etmoqda.
Xususan, jamoamiz bir necha kun avval Eron terma jamoasiga qarshi o‘tgan o‘rtoqlik o‘yinida 3:1 hisobida g‘alaba qozongandan so‘ng, bugun 1-oktabr kuni Suriya terma jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Soat 19:00 da “Paxtakor” stadionida start oladigan bahs terma jamoalarning o‘zaro sakkizinchi uchrashuvi bo‘ladi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston va Suriya termalarining bugunga qadar o‘tkazgan 7 ta o‘yini haqida to‘xtalib o‘tishni lozim topdik. Futbolchilarimiz ilk bor suriyaliklar bilan 1996-yilgi Osiyo kubogida to‘qnashgan va 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Keyinchalik Jahon chempionati saralash bosqichida o‘zaro raqobatlashgan va 1:0 hisobida zafar quchgan.
2017-yili Suriya 1:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, oradan bir yil o‘tib jamoalar 1:1 hisobida durang qayd etgan. 2019-yili O‘zbekiston termasi 2:0 hisobida g‘alaba qozongan, 2020-yil yana suriyaliklar 1:0 hisobida g‘alabani ilib ketgan. So‘nggi o‘yin 2024-yili bo‘lib o‘tgan va hisob ochilmagan.
Bugungi bahsda terma jamoamiz o‘zlari uchun noqulay raqib bo‘lgan Suriya termasini mag‘lubiyatga uchratishga qodir. Darvoqe, futbolchilarimiz ushbu uchrashuvdan so‘ng, 6-oktabr kuni Janubiy Koreya maydonida mezbonlarga qarshi o‘ynaydi.
Qayd etish joiz, mazkur o‘rtoqlik uchrashuvlari terma jamoamiz uchun muhim tayyorgarlik vazifasini o‘taydi. Boisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasini 2027-yil boshida Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan Osiyo kubogi kutib turibdi.
FIFA kunlaridagi bahslar orqali futbolchilarning imkoniyatlari sinovdan o‘tkazilib, Osiyo kubogiga tayyorgarlik davom ettiriladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA