Muzrabotda tomorqa maktabi ish boshlaydi
Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanidagi Yangi diyor mahallasida tomorqa yer maydonlaridan yuqori daromad olishga bel bog‘lagan dehqonlar uchun tomorqachilik maktabi tashkil etilmoqda.
Zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etib, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish va yangi daromad manbalarini yaratishga ko‘maklashadigan maktabning loyiha qiymati 200 ming dollar bo‘lib, bitta mavsumda yuz nafar tinglovchini o‘qitish va nazariy-amaliy ko‘nikmalarini oshirish quvvatiga ega bo‘ladi.
Tuman mahallalaridan jalb etiladigan tinglovchilar bu yerda tajribali mutaxassislardan zamonaviy tomorqachilik texnologiyalarini bevosita amaliyotga bog‘lab o‘rganadi. Issiqxona xo‘jaligini yuritish, zamonaviy usullarda mahsulot yetishtirish, hosildorlikni oshirish va tomorqadan samarali daromad olish yuzasidan chuqur bilim va ko‘nikmaga ega bo‘ladi.
Ayni paytda maktab hududida barpo etilgan issiqxonada gidroponika usulida qulupnay yetishtirish uchun yer maydoni tekislanib, qulupnay yetishtirishga mo‘ljallangan maxsus ustunlar o‘rnatildi. Dastlabki qulupnay ko‘chatlari o‘nib, ilk hosil nishonlarini ko‘rsatdi.

Mutaxassislarning fikricha, innovatsion tomorqachilikda gidroponika texnologiyasining joriy etilishi yer maydonidan samarali foydalanib, suv resurslarini tejash, kichik yer maydonidan ham yuqori hosil olish, yil davomida sifatli, talab yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga qulay imkoniyat yaratadi. Shuningdek, zamonaviy maktab orqali ilg‘or tajribalarni mahallalarga keng joriy etish, tomorqa egalariga zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash amaliyotini o‘rgatish, xonadonlarda qishloq xo‘jaligining tumanga mos daromadli turlarini rivojlantirib, yangi daromad manbalarini yaratishga ko‘maklashish mo‘ljallanmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri