Muzeyshunoslik sohasida navbatdagi hamkorlik
Bugun Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi direktori, san’atshunoslik fanlari doktori Tigran Mkrtыchev bilan institutning Muzeyshunoslik kafedrasi professor-o‘qituvchilari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida institut rektori Nodirbek Sayfullayev bugun yurtimizda san’at va madaniyat, xususan, badiiy ta’lim rivojiga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasi o‘laroq, ushbu sohaning tarkibiy qismi bo‘lmish muzeyshunoslik sohasi va muzeylarda ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etar ekan, muzeylarda saqlanayotgan boy madaniy merosni o‘rganish va tadqiq qilish dolzarb ahamiyatga ega ekanligini, bu yurtimiz san’ati va madaniyati rivojiga ko‘plab ijobiy yangiliklarni taqdim etishini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida hamkorlikda kadrlar tayyorlash, muzey ilmiy faoliyatini rivojlantirish, birgalikda qo‘shma loyihalar ishlab chiqish, talabalarning o‘quv amaliyotlarini ushbu muzeyda o‘tkazishlarini ta’minlash, institut professor-o‘qituvchilarini muzey xodimlari uchun mahorat darslari va ma’ruzalar o‘tishlarini tashkil etish va boshqa bir qator muhim masalalarni muhokama qilindi.
Ma’lumki, «Sahrodagi Luvr» maqomiga ega bo‘lgan I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi Respublikamizdagi eng yirik muzeylardan hisoblanadi.
Muzey xalq amaliy san’ati, qadimiy va o‘rta asrlar Xorazm san’ati, 1920—30 yillar o‘zbek va rus tasviriy san’ati, qoraqalpoq zamonaviy rangtasviri va haykaltaroshligi, ilmiy-ma’rifiy bo‘limlar, noyob kutubxonaga, fond hamda ta’mirlash ustaxonasiga eng muhimi yuqori malakali kadrlarga ega. bugungi kunda muzey fondida 100 minga yaqin san’at asarlari jamlangan.
Tigran Mkrtыchev yurtimizning san’ati va madaniyati juda ham qadim tarixga ega ekanligi, bugungi kunda dunyoning deyarli barcha mashhur muzeylarida yurtimiz tarixiga doir nodir buyumlar saqlanayotganini ta’kidlar ekan xususan, I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida ham ko‘plab nodir asarlar saqlanishini, ularni xalqimizga yanada yaqinroq tanishtirish lozimligi, buning uchun esa ushbu hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, u institut hayoti xususan, Muzeyshunoslik kafedrasining faoliyati bilan ham qiziqdi.
Aytish o‘rinliki, bugungi kunda O‘zbekiston davlat san’at muzeyi hamda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida muzeyshunoslik kafedrasining filiallari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, talabalarga «Ekskursiyashunoslik», «Muzey intererini loyihalash», «Muzey ishi asoslari», «Fotografiya» kabi fanlar muzey ekspozitsiyasi va fond zahiraxonalarida amaliy mashg‘ulot sifatida o‘tilmoqda.
Kafedra professor-o‘qituvchilari pedagogik faoliyat bilan birgalikda amaliyotda ham faol bo‘lib, yurtimizdagi ko‘plab muzeylar faoliyatida bevosita hamda bilvosita ishtirok etib kelishmoqda. Shu qatorda, kafedrada bugungi kunda sohaning yetakchi mutaxassislari tashqi o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritib, bo‘lajak kadrlarga soha sir-asrorlarinidan saboq berib kelishmoqda. Kafedraning ilmiy salohiyati esa 52,9%ni tashkil etadi.
bugungi kunda yurtimizdagi ko‘plab muzeylarda ushbu yo‘nalishda ta’lim olgan mutaxassislar faoliyat borib, ushbu muzeylar konsepsiyasini yaratish, tarixiy buyumlarni asrash, ularni restovratsiya qilish, eksponatlarni tarixini o‘rganish, muzey fondlarini boyitish kabi muhim vazifalarni amalga oshirib kelishmoqda.
Uchrashuv yakunida institut hamda muzey o‘rtasida hamkorlik memorandum imzolandi.
Unga ko‘ra birgalikda qo‘shma loyihalar yaratish va amalga oshirish hamda ularning natijalarini innovatsion asosda milliy iqtisodiy islohotlar amaliyotiga tatbiq etish, hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish va olib borish, dolzarb muammoli mavzular bo‘yicha ilmiy ishlar tayyorlash va nashr etish, seminar va konferensiyalar tashkil etish, innovatsion mahsulotni yaratish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha birgalikda faoliyat yuritish hamda innovatsion guruhlar shakllantirish, institut pedagog xodimlari, tayanch doktorantura va mustaqil izlanuvchilarning stajirovkasini hamda bakalavriat va magistraturada tahsil olayotgan talabalarning ishlab chiqarish va malakaviy amaliyotlarini muzeyda tashkil etish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadida muzeyda faoliyat olib borayotgan yetakchi xodimlarni o‘quv jarayoniga jalb etish kabi bir qancha ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Albatta, ushbu hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishi muzeyshunos kadrlarni tayyorlash nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘lash, xususan muzey restavratsiya laboratoriyasidagi jarayonlar bilan yaqindan tanishish, muzey fond zahiraxonasiga oid hujjatlar bilan ishlash, ekspozitsiya yaratish jarayonlarini o‘rganish, shu bilan birga muzey xodimlarini ilmiy faoliyatga yo‘naltirish, ta’lim tizimida sohaga kirib kelayotgan islohotlar bilan tanishtirishda muhim ahamiyatga ega.
Zero, san’at asarlarini muzeylar fondiga to‘plash, konservatsiya va restavratsiya qilish, ularni tomoshabinga namoyish etish masalasi muzey xodimlaridan ulkan nazariy va amaliy ko‘nikmalarni talab etadi.