Muzeylarning yangi missiyasi shakllanmoqda
Muzeylar – shunchaki tarixiy eksponatlar saqlanadigan maskan emas, balki bilim berish, tarixiy xotirani asrash, milliy o‘zlikni anglash va yangi avlod dunyoqarashini shakllantirishga xizmat qiladigan muhim ta’limiy makon.
Raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir davrda muzeylarning jamiyat hayotidagi o‘rni, ayniqsa, ularning ta’lim tizimi bilan hamkorligi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Aynan shu masalalar Toshkentda o‘tkazilayotgan “XXI asrda muzey ta’limi: global kontekst va transformatsiyalar” xalqaro ilmiy-nazariy konferensiyasining asosiy muhokama mavzularidan biriga aylandi. Turli mamlakatlardan kelgan mutaxassislarni birlashtirgan mazkur tadbir muzey ta’limining bugungi holati, mavjud muammolari va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini muhokama qilish, shuningdek, xalqaro tajribani o‘rganish uchun muhim ilmiy maydon vazifasini bajarmoqda.
Bugungi kunda muzeyga tashrif buyuruvchilar eksponatlar orqali muayyan davrni anglash, tarixiy voqealar o‘rtasidagi bog‘liqlikni tushunish va o‘tmish tajribasidan xulosa chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Bu esa muzey faoliyatida yangi yondashuvlar, zamonaviy pedagogik metodlar va interaktiv vositalardan foydalanishni taqozo etadi. Muzey ta’limining samaradorligi, avvalo, tarixiy ma’lumotlarni qanday yetkazish bilan belgilanadi. Bir xil eksponat turli yoshdagi va turli bilim darajasiga ega tashrif buyuruvchilarda har xil taassurot uyg‘otishi mumkin. Shu sababli, muzeylarda bolalar, yoshlar, talabalar, tadqiqotchilar va keng jamoatchilik uchun moslashtirilgan ta’lim dasturlarini ishlab chiqish muhim.

O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi muzey ta’limini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarga ega. Mamlakatimiz hududida shakllangan qadimiy sivilizatsiyalar, me’moriy obidalar, amaliy san’at namunalari va tarixiy manbalar nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham ilmiy qiziqish uyg‘otadi.
Biroq, bu merosning ahamiyati uni saqlash bilangina cheklanmaydi. Uni kelajak avlodga tushunarli, qiziqarli va mazmunli shaklda yetkazish ham muhim vazifadir. Shu ma’noda, muzeylarning ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan ta’limiy faoliyatini uyg‘unlashtirish tarixiy merosni kengroq auditoriyaga tanitishning muhim shartlaridan biridir.

Fransiya, Eron, Gruziya, Xitoy, Ozarbayjon, Malayziya kabi xorijiy mutaxassislarning O‘zbekiston muzeylari faoliyati bilan yaqindan tanishishi esa mamlakatimizda to‘plangan tajribani xalqaro ilmiy muhokamalarga olib chiqish, turli mamlakatlarning yondashuvlarini qiyosiy o‘rganish va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash imkonini beradi.
Tarixiy merosning haqiqiy qadri faqat uning qadimiyligi yoki noyobligi bilan belgilanmaydi. Uning bugungi avlod tomonidan qanday anglanishi, o‘rganilishi va kelajak avlodga qanday yetkazilishi ham muhim. Muzeylar ana shu jarayonda o‘tmish bilan bugunni, ilm-fan bilan ta’limni, milliy qadriyatlar bilan umuminsoniy madaniyatni bog‘lovchi o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajaradi. Ularning zamonaviy ta’lim tizimidagi o‘rnini mustahkamlash esa nafaqat muzeyshunoslar, balki ta’lim sohasi vakillari, olimlar va keng jamoatchilikning hamkorligini talab etadi.
Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro anjuman aynan shu maqsad yo‘lida ilmiy muloqot va tajriba almashish uchun maydon yaratmoqda. Unda ilgari surilayotgan g‘oyalar, muhokama qilinayotgan yondashuvlar va shakllanadigan amaliy takliflar muzeylarning kelajakdagi rivojlanishiga xizmat qilishi mumkin.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA