Muzeylar tariximizni o‘rganishga, kechagi va bugungi hayotni taqqoslab, jamiyatimiz taraqqiyoti haqida to‘g‘ri xulosa chiqarishga xizmat qiladi. Ularda saqlanayotgan turli eksponatlar va ekspozitsiyalar xalqimizning uzoq o‘tmishi, shonli tarixi, ajdodlarimiz turmush tarzi haqida bizga qator ma’lumotlarni taqdim etadi.
NKMK tarixi muzeyi “Farhod” madaniyat saroyining 2-qavatida joylashgan bo‘lib, kombinatning 65 yillik tarixini o‘zida mujassamlashtirgan. Unda 500 dan ortiq tarixiy eksponat bor. Ekspozitsiyalarning bir qismini Qizilqum hududida konchilik va metallurgiya bo‘yicha topilgan qadimiy eksponatlar, asosiy qismini esa Navoiy kon-metallurgiya kombinati tarixi, yutuqlari tashkil etadi. Bu maskan boy tarixga ega bo‘lgani uchun har doim tashrif buyuruvchilar bilan gavjum bo‘lib, uning har bir noyob va nodir ekspozitsiyasi tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirmoqda.
– Joriy yilni katta maqsadlar, yangi tashabbuslar bilan boshlab yubordik, – deydi muzey rahbari Dilrabo Rahmatova. – Hamkorlikda ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, Navoiy shahri, Karmana, Navbahor hamda Samarqand viloyatining Paxtachi tumanlari umumta’lim maktablari o‘quvchilari, 4 ta davlat va xususiy oliy o‘quv yurti, akademik litseylar, “Metallurg” sanatoriysi dam oluvchilari, harbiy qismlardan yil davomida 7,5 ming nafar tashrif buyuruvchining muzeyga kelishini rejalashtirganmiz. Yanvar oyida maskanga keluvchilar soni 700 nafardan oshdi. Bundan tashqari, har kuni bu yerda kutubxonalar, oliy o‘quv yurtlari va boshqa muassasalar bilan o‘tkazilayotgan har xil ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy kechalar, turli tanlovlar ishtirokchilari, shuningdek, mahalliy aholi, boshqa viloyatlar, xorijdan kelgan mehmonlar ham uning eksponatlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lyapti. Muzeyda NKMK tizimidagi sanoat korxonalari maketlari o‘rin olgan bo‘lib, ularni tomosha qilar ekansiz, zavodlar ichiga kirib qolgandek his etasiz o‘zingizni.
Navbahor tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 75 nafar o‘quvchisi muzeyga tashrif buyurib, eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.
– Navoiy kon-metallurgiya kombinati haqida faqat internet tarmoqlari orqali o‘qiganmiz, – deydi ixtisoslashgan maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Manzura Qilichova. – O‘tgan yili kombinat vakillari maktabimizga tashrif buyurganlarida yoshlarimizni muzeyga taklif qilishgandi. Bundan nafaqat pedagogik jamoamiz, balki o‘quvchilarimiz xursand bo‘lishdi. Bugun muzeyga tashrif buyurdik. Kombinat tarixiga sayohat qildik. O‘quvchilarimiz mamlakatimiz kon-metallurgiya sanoatining faxri bo‘lgan kombinat haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishdi.
[gallery-15731]
– Konchilik va metallurgiya juda qiziqarli soha ekan, – deydi Ilhom Parmonov. – Muzeyga, olis moziy va yaqin kelajakka sayohat, muzey mutasaddilaridan kombinat haqida eshitganlarim, oltintoparlar hayoti va yutuqlari sinfdoshlarim qatorida menga ham olam-olam zavq bag‘ishladi. Bu tashrif ko‘pchilik safdoshlarim ko‘nglida kelgusida konchi bo‘lish orzusini uyg‘otdi. Mening nazdimda, konchilik sharafli, mashaqqatli kasb. Yer qa’ridan oltin qazib olishning o‘zi bo‘lmaydi. Ularning har bir qadami chinakam qahramonlik, jasorat, fidoiylikni talab etadi. Bugun shunday ulug‘vor ishlarni amalga oshirishga qodir ellik ming kishilik ulkan jamoa mehnatkashlari qalbida shunday vatanparvarlik xislatlari mujassam ekanligiga yana bir karra amin bo‘ldim.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri