Muzeylar ajdodlardan meros bo‘lgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy xazina. Yillar davomida boyib, to‘lib boraveradigan bu xazina faqatgina madaniy qadriyatlar namoyishigina bo‘lib qolmay, uzoq tarix sahifalaridan so‘zlovchi bebaho kitob hamdir.
1977 yilning 18 may kuni Xalqaro muzeylar Kengashi tomonidan ta’sis etilgan kasb bayrami endilikda dunyoning bir yuz ellikdan ortiq davlatida keng nishonlanmoqda.
–Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi 1922 yilda tashkil etilgan, – deydi Buxoro Davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori Baxrom Nasimov. –bugungi kunda uning tarkibida 16 ta filial va 2 ta doimiy ko‘rgazma mavjud. Ular “Ark” viloyat o‘lkashunoslik muzeyi, “Sitorai Moxi-Xosa” amaliy bezak san’ati muzeyi, Tasviriy san’at muzeyi, “Buxoroda huquq va qonunchilik tarixi” muzeyi, “Buxoroda suv ta’minoti tarixi” muzeyi, Gilamlar muzeyi, Imom al-Buxoriy me’morial muzeyi, “Buxorolik boy savdogar xonadoni” uy-muzeyi, Abu Ali ibn Sino me’morial muzeyi, Romitan tumani tarixi muzeyi, “Naqshbandiya tariqati” muzeyi, Qadimgi Poykent tarixi muzeyi, Mutal Burxonov uy-muzeyi, “Buxoroda temirchilik hunari tarixi” muzey-ustaxonasi, Buxoro adabiyot tarixi muzeyi, Buxoro xattotlik san’ati muzeyi hamda “Buxoroda yog‘och o‘ymakorligi tarixi” va “Varaxsha va kulolchilik tarixi” doimiy muzey ko‘rgazmalaridan iborat.
[gallery-7206]
Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan respublikamizdagi barcha muzeylar qatori Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi tarkibidagi yuqoridagi muzey filiallarida ham “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi. Shu kuni barcha mahalliy sayyohlar uchun muzeylarga kirish bepul bo‘ldi. Shuningdek, yangi ko‘rgazmalar ochish, bayram tadbirlari o‘tkazish dasturlari ishlab chiqildi. Jumladan, “Ark” viloyat o‘lkashunoslik muzeyida “Noyob osori-atiqa to‘plovchi muzey fidoyilari” nomli ilmiy-amaliy anjuman va ko‘rgazma, Romitan tumanidagi 8-maktabda Romitan tumani tarixi muzey filialining “Bugun va kelajak o‘rtasidagi ko‘prik” nomli ko‘chma ko‘rgazmasi tashkil etildi.
“Sitorai Moxi-Xosa” amaliy bezak san’ati muzeyida “G‘ijduvon, Vobkent va Rishton kulolchiligi” ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek. andijonlik qo‘g‘irchoqsoz usta M.Egamberdiyeva ijodidan “Andijon zamonaviy qo‘g‘irchoksozligi” ko‘rgazmasi, matoli buyumlar namoyishidan iborat “Marg‘ilon to‘quvchiligi” ko‘rgazmalari namoyishi o‘tkazildi. 16-17-18 may kunlari “Buxoroda temirchilik hunari tarixi” muzey-ustaxonasida temirdan turli buyumlar yasash yuzasidan tashrif buyuruvchi mehmonlarga mahorat darslari o‘tkazildi. Buxoro shahri va tumanlaridagi ta’lim maskanlarida “Muzeylar – tarix xilqatlarini namoyon etuvchi ko‘zgu”, “Muzeylar – bu moziyimiz ko‘zgusi”, “Buxoro tarixiy obidalari va muzeylari” kabi mavzularda turli tadbirlar, davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA