Muzeylar ma’naviyat va ma’rifat maskani
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro shahar bo‘linmasi tashabbusi bilan Buxoro davlat universiteti va Buxoro Muhandislik texnologiya instituti akademik litseyi talabalari “Muzeylar haftaligi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Buxoro akademik litseyida tashkil etilgan “Jasorat” hamda Buxoro davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeylarida bo‘lishdi.
“Jasorat” tarixiy muzeyi 2021 yil oktyabr oyida ochilgan. Bu maskan o‘quvchi yoshlar, ichki ishlar organlari xodimlari, faxriylari hamda viloyat aholisi va mehmonlari bilan doimo gavjum.

Muzeyda Buxoro amirligi davrida davlatchilik va harbiy tartiblarga oid eksponatlar, suratlar, XIX-XX asrlarda Buxoro hunarmandlari tomonidan ishlangan mis va sopol idishlar, XVI-XX asrlarda ishlab chiqarilgan va foydalanilgan o‘qotar qurollar, fiqh ilmiga va Buxoro tarixiga oid kitoblar mavjud. Shuningdek, Buxoro militsiyasining tashkil topishidan (1920 yillar) boshlab to mustaqillikka erishilgan davrgacha bo‘lgan jangovar faoliyati, shuningdek Buxoro xalq militsiyasining tashkil topishiga oid tarixiy hujjatlar, II jahon urushi davrida Buxoro militsiyasining ko‘rsatgan jasoratlari, O‘zbekiston Sovet Sotsialistik respublikasi Prezidentining 1991 yil 25 avgustdagi Ichki Ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi komitetini O‘zbekiston SSRning qonuniy tasarrufiga olish to‘g‘risidagi PF 237-son farmoni, O‘zbekiston SSR Ichki Ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar vazirligiga aylantirilishi to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining 1991 yil 25 oktyabrdagi 270-son qaroridan ko‘chirmalar joylashtirilgan.

Buxoro davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyida Buxoro amirligi davri, jadidlar faoliyati, Buxoro xalq sovet respublikasi faoliyatlari hamda qatag‘on siyosati qurbonlari ijodlaridan namunalar hamda Mustaqil O‘zbekiston eksponatlari joy olgan.

– Umuman muzeylar ma’naviyat va ma’rifat maskani hisoblanib, xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy kamolotida, yoshlar dunyoqarashini o‘stirish, boy merosimizni asrab-avaylash, ilmiy asosda o‘rganish, targ‘ib qilish, milliy g‘urur va iftixor, Vatanga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro shahar bo‘linmasi rahbari Aziz Hakimov. – Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda mana shunday tadbirlarning o‘rni beqiyos.
Zarif Komilov, O‘zA