Muzey – bilim va tarix maskani (+video)
Dunyoning qaysi mamlakatiga bormang muzeylari bilan faxrlanadilar. Fransiyaga tashrif buyuradigan sayyohlar Luvr muzeyini, qadim Misrga kelganlar esa Qoxira muzeyini ko‘rmay kelmaydilar. Ularning soni esa yiliga 50-60 millionni tashkil etadi. Chunki, muzey avvalambor xalq, mamlakat tarixi, tarixni o‘rganishdagi eng xolis manba esa – muzeylardir.
Davlatimiz rahbarining topshiriqlari bilan O‘zbekistondagi, jumladan Farg‘ona muzeylari ham mukammal ta’mirlanmoqda, eksponatlar bilan boyitilyapti.
Farg‘ona tarixi va madaniyati davlat muzeyi rekonstruksiyadan so‘ng yangi zallarini ochdi. Uni ta’mirlashga 3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.

Muzeyning Farg‘ona tabiatiga bag‘ishlangan bo‘limida yilning to‘rt fasli aks etgan manzaralar haqida ma’lumot beriladi. Vodiy hayvonot olamidagi barcha tur jonivorlarning tabiiy holatiga yaqin qotirmalari bo‘lib, o‘quvchi talabalarga bu yerda ko‘chma darslar o‘tishiga imkoniyat yaratilgan.

Arxeologiya bo‘limida esa ikki-uch ming yillikga doir ish qurollari, hayot tarzi jihozlari bor. Yaqinda esa,
- Farg‘ona tumanida besh ming yillik tarixga ega tosh keli topildi. Bu ham eksponatlari qatoridan joy oldi, - deydi muzey direktori Xayrullo Zokirov.

Farg‘ona muzeyi vodiy davlatchiligi tarixiga oid eksponatlarga boyligi bilan ajralib turadi.
Muzeyda mahalliy aholi xunarmandchilik buyumlariga ham katta o‘rin ajratilgan.

Bundan tashqari, rassomlarning asarlari alohida ko‘rgazma zalidan joy oldi. Shu kunlarda karikaturachi Mahmudjon Eshonqulovning asarlari namoyishi bo‘lib o‘tyapti.
Farg‘ona muzeyida matbuot tarixiga alohida joy ajratilgan.

- 1906 – 1907 yillardagi rus tilida chiqqan “Fergana”, “Ferganskaya exo” gazetalari ham saqlanib qolgan, - deydi muzey katta ilmiy xodimi Jahongir Toybolayev. “Farg‘ona xaqiqati”ning birinchi sonidan hozirgi kungacha soni bor.
Muzeylar bilim va dam olish maskani. Shunday ekan, farzandlar bilan uni ko‘rishga borishni odat qiling.
<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/I7MDiMQlvYc" title="Muzey – bilim va tarix maskani." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video), O‘zA