Muzeylar mamlakatning madaniy merosini saqlaydi. Raqamlashtirish ushbu merosni keng jamoatchilikka yanada qulayroq yetkazadi va muzey xodimlarining ishini sezilarli darajada osonlashtiradi.
Taraqqiyot bir joyda to‘xtab turmaydi. Dunyo miqyosida madaniyatning eng muhim tarmog‘i, deya hisoblangan muzeylarga yangi texnologiyalar kirib kelmoqda. Zamonaviy muzey mutaxassislari raqamli texnologiyalardan unumli foydalanmoqda. Bugun dunyo muzeylarida avtomatlashtirilgan hisob-kitob tizimlari keng qo‘llanilmoqda, kolleksiyalarni raqamlashtirish va restavratsiya qilish uchun laboratoriyalar yaratilmoqda.
Muzeylarda raqamlashtirish ikkita asosiy maqsad, ya’ni hisobga olishni avtomatlashtirish va fondlarni taqdim etishning yangi darajasiga o‘tish uchun amalga oshiriladi. Birinchi navbatda, fond ashyolarini hisobga olish faoliyati bilan bog‘liq barcha hujjatlar skanerlanadi. Ikkinchidan, muzey kolleksiyalaridagi ashyolar elektron shaklga o‘tkaziladi. Shuning uchun ham muzey ashyolarini va hisobga olish hujjatlarini raqamlashtirishdan oldin uning to‘g‘ri yuritilayotganligini nazorat qilish muhimdir.
Muzey fondlarini hisobga olish bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Buyumlar qabul qilinganda ularni muzeyda olib qolish uchun qabul qilish dalolatnomasi to‘ldiriladi. Keyin ashyoning ma’lum bir muzey fondiga (asosiy, ilmiy-yordamchi) tegishliligi aniqlanadi va hisobga olish kartasiga tegishli yozuv kiritiladi. Keyinchalik, kirim kitobi to‘ldiriladi va buyumlar fond bo‘limiga yuboriladi, u yerda ilmiy inventarizatsiyadan o‘tkaziladi – buyum o‘rganiladi va uning qaysi davr va makonga tegishliligi aniqlanadi. Bu bosqichda ma’lumotlar ilmiy inventar kitoblariga kiritiladi va shu tariqa muzey katalogi shakllantiriladi. Ushbu hujjatlar O‘zbekiston muzeylarida muntazam ravishda to‘ldiriladi.
Muzey mutaxassislarining hisobga olish ma’lumotlari bilan ishlashini osonlashtirish va muzey kolleksiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida zamonaviy dunyoda avtomatlashtirilgan hisob-kitob tizimlari joriy etilmoqda. Aksariyat muzeylarda hisobga olish hujjatlari va muzey ashyolarini raqamlashtirish muzey xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Ba’zi muzeylar mazkur ishlarni bajarish uchun turli professional kompaniyalar bilan bitim tuzadi.
Kolleksiyalarning har bir turi o‘ziga xos raqamlashtirish texnologiyalaridan foydalanadi. Rang-tasvir asarlari uchun keng formatli kontaktsiz skanerlash tizimlari qo‘llaniladi. Kitoblar planetar skanerlarda raqamlashtiriladi. Katta, uch o‘lchamli ob’ektlar va eksponatlar suratga olinadi, jumladan, maxsus fotouskunalar yordamida eksponatlarning animatsion 3D videolari yaratiladi.
Fotosuratga olish – muzey eksponatlarining joriy holatini suratga olishdir. Dekorativ-amaliy san’at buyumlari, numizmatika, haykaltaroshlik, arxeologik buyumlar, gilamlar, mato parchalari va liboslar fotosuratga olinadi. Har bir rasmda buyumning inventar raqami aks etishi lozim. Shuningdek, fotokadrga o‘lchagich va ranglar shkalasi ham joylashtiriladi, bu fotosuratni qayta ishlashda, unga rang berishda ranglarning barcha xususiyatlarini saqlab qolish uchun juda mihimdir.
Fond ashyolarini kataloglashtirish va raqamlashtirish ishlari 2008 yilda qabul qilingan “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonun va ushbu qonunga muvofiq Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonunini ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi, “Muzeylar faoliyatiga taalluqli me’yoriy hujjatlar to‘g‘risida”gi qarorlarga muvofiq tartibga solinadi.
Yuqoridagi qonun va qonunosti hujjatlariga muvofiq 2011 yilda Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan muzey ashyolari va jamlanmalarining “ SKM-MUZEY” elektron baza dasturi ishga tushirildi. Biroq ushbu dasturning dasturiy ta’minotida kamchiliklar bo‘lganligi bois, kutilgan natijani bermadi. Xususan, dastur mahalliy tarmoq uchun mo‘ljallangan bo‘lib, uni global tarmoqqa ulashning texnik imkoniyatlari ishlab chiqilmadi. Shuningdek, dasturga kiritilgan muzey ashyolari haqidagi ma’lumotlarni izlash tizimi ishlamadi. Mazkur kamchiliklar bois “ SKM-MUZEY” elektron baza dasturi 2015 yilga kelib muomaladan chiqarildi. Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi xodimlari tomonidan mazkur davrgacha jami 29 mingta ashyo “ SKM-MUZEY” elektron bazasiga kiritilgan edi. Biroq izlash tizimi ishlamaganligi tufayli kiritilgan ashyolar haqidagi ma’ulmotlar saqlanib qolmadi.
Keyingi yillarda davlat tomonidan muzey ashyolari va kolleksiyalarini raqamlashtirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. 2019 yilda Madaniyat vazirligi tomonidan goskatalog.uz platformasi ishga tushirildi. Mazkur elektron bazaga oksgoskatalog.uz sayti orqali ashyolar kiritiladi. Kiritilgan ashyolarni goskatalog.uz sayti orqali kuzatish, izlab topish mumkin. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida alohida to‘xtalib o‘tilgan. Qarorning 7-ilovasida “2021 - 2023 yillarda davlat muzeylaridagi muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini elektron identifikatsiya qilish maqsadli ko‘rsatkichlari” keltirilgan bo‘lib, unga ko‘ra 2023 yilgacha O‘zbekistondagi barcha muzeylarda eksponatlar raqamlashtirilishi va elektron bazaga kiritish tugallanishi lozim edi. Biroq 2021, 2022, 2023 yillar davomida muzeylar Madaniyat vazirligidan Turizm va sport vazirligi tizimiga o‘tkazilishi, keyin esa alohida Madaniy meros agentligi tashkil etilib, uning tasarrufiga o‘tishi munosabati bilan dasturning serverini ko‘chirish ishlari olib borildi. Ushbu jarayonda dastur ishlamadi. Ayni paytda ham dasturning ishlashida uzilishlar kuzatilmoqda.
Muzey ashyolari elektron bazasining ishlamayotgaligi yoki ishlashida uzilishlar bo‘layotganligi jiddiy muammo hisoblanadi. Shu bilan birga, ayni paytgacha O‘zbekiston muzeylari tomonidan ashyolarning elektron bazaga kiritilishi sifati talabga javob beradimi? Har holda mazkur elektron bazani (goskatalog.uz) dunyoning istagan joyidan turib, istagan odam kuzatishi mumkin. Keng omma uchun mo‘ljallangan barcha saytlarda muharrir bo‘lgani kabi, mazkur bazadagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi va yuklanayotgan fotosuratlarning sifati ham nazorat qilinishi kerak.
Mahmudxon Yunusov,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
muzeyshunos.
O‘zA