Muxlislar uchun musiqiy tuhfa
"O‘zbekiston" Xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Qahramoni, betakror ovoz sohibasi Munojat Yo‘lchiyevaning "Inson qadri azizdir" deb nomlangan konsert dasturi muxlislar e’tiboriga havola etildi.
O‘zbekiston xalq artisti, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti professori Munojat Yo‘lchiyeva milliy maqom san’atimizni mamlakatimiz va xorijda g‘oyat munosib tarzda targ‘ib etib kelayotgan fidoyi ijodkordir.
Uning sehrli va maftunkor ijrosi jahonning millionlab muxlislarini o‘zbek maqom san’atining haqiqiy shinavandasiga aylanishiga sababchi bo‘lgan.
Xalqimizning suyukli xonandasi dunyoning qaysi davlatiga bormasin, milliy san’atimizni g‘oyat munosib tarzda musiqa ixlosmandlariga havola etib keladi. Uning repertuaridagi maqom yo‘llarida aytiluvchi ijrolar, milliy va mumtoz ashulalar, katta ashulalar, bastakorlar ijodiga mansub qo‘shiqlar san’atsevar xalqimizning ko‘ngil mulkiga aylangan.
Munojat Yo‘lchiyeva o‘zining har bir ijrosi, uning so‘zi, ohangi ustida zargarona mehnat qiluvchi san’atkor sifatida qadrli. Ayni jihatlar esa ko‘pchilik yosh ijrochilar uchun ibrat maktabidir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yil Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi arafasida O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi.
"O‘zbekiston" Xalqaro anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tgan "Inson qadri azizdir" nomli konsert juda fayzli ruhda o‘tdi. Milliy va mumtoz ashulalar muxlislarga unutilmas taassurot, zavq bag‘ishladi.
N.Usmonova, O‘zA