«Muxbir noto‘g‘ri axborot berdi»
Kun kech. Qahraton qish. Tun. Hammayoq oppoq qor bo‘lsa ham, to‘xtamay yog‘ayotgan qordan yo‘l arang ko‘rinadi. Qo‘qondan chiqib Qamchiq dovoniga yaqinlashganimizda qarasak, dovonni qalin qor bosgan, dovon boshida Toshkentga qarab ketayotgan mashinalar turnaqator bo‘lib to‘xtab qolgan.
Irismat Abduxoliqov
“Sharof Rashidov. Haqiqat va rivoyat”
“Paxta va qor epopeyasi”
“Rejada bo‘lmagan obyektlar yoxud xalq merosi”
“Brejnev mojarosi”
“O‘rtoq Andropov kelganlaridan keyin”
“Sharof Rashidovning raqibi”
“Shirin yolg‘on va achchiq haqiqat”
O‘zA saytini kuzatib boring!
Davomi bor. Saytimizni kuzatib boring.
“Sharof Rashidov. Haqiqat va rivoyat”
“Paxta va qor epopeyasi”
“Rejada bo‘lmagan obyektlar yoxud xalq merosi”
“Brejnev mojarosi”
“O‘rtoq Andropov kelganlaridan keyin”
“Sharof Rashidovning raqibi”
“Shirin yolg‘on va achchiq haqiqat”
O‘zA saytini kuzatib boring!
Sharof Rashidovning “Vremya” muxbiriga bergan topshirig‘i asosida tayyorlangan reportajga KPSS Markaziy qo‘mitasining Og‘ir mashinasozlik bo‘limidan telefon qilib: “Vremya” muxbiri noto‘g‘ri axborot berdi”, deb uni ayblaydi. Voqea qanday sodir bo‘lgan edi va bu masala qay tarzda yechimini topdi. Bu haqda bilishni istasangiz jurnalist Irismat Abduxoliqovning O‘zA saytida berilayotgan “Sharof Rashidov. Haqiqat va rivoyat” asarining bugungi lavhasini o‘qing. Aytgandek, biz sizning asar haqidagi fikringizni bilishni istaymiz.
Mulohazalaringizni info@uza.uz elektron pochtamizga yuborishingiz yoki (0371) 233-06-14 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib bildirishingiz mumkin.
Muxbir noto‘g‘ri axborot berdi
Inson hayotida faqat uning o‘zi uchun muhim bo‘lgan, uning xotirasidagina uzoq saqlanib qoladigan, alohida qadr-qimmatga ega gap-so‘zlar, unutilmas daqiqalar, bir umrga muhrlanib qoladigan va tez-tez yodingizga tushib turadigan voqealar bo‘ladi. Quyidagi voqea ana shular jumlasidandir.
Bir kuni Markazqo‘mdan(1) telefon qilishib: «Ertaga Farg‘onada yangi superfosfat zavodi foydalanishga topshiriladi. Korxonaning ishga tushirilish jarayonini «Vremya» dasturida yoritish kerak. Bu Sharof Rashidov topshirig‘i», – deyishdi.
«Vremya» rahbariyatining «Agar KPSS Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosining a’zosi va a’zolikka nomzodlar aytsa, bunday topshiriqlarni bajarishinglar lozim» degan ko‘rsatmasi bor edi. Men «Vremya»dagi kuratorimizga telefon qilib: «Markazqo‘mning topshirig‘i bo‘yicha Farg‘onaga jo‘nab ketyapman», – deb aytib qo‘ydim-da («Vremya»ning muxbirlari qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, Moskva bilishi shart, ular to‘satdan sodir bo‘ladigan voqea-hodisalarga doimo tayyor turishlari kerak edi) tasvirga tushirish guruhim bilan xizmat mashinasida Toshkentdan Qamchiq dovoni orqali Farg‘ona vodiysiga jo‘nab ketdik. U paytda Qamchiq dovoni oz-moz asfalt yotqazilgan torgina ilonizi tog‘ yo‘li edi.
Farg‘ona viloyati partiya qo‘mitasiga ham kelayotganimiz haqida aytib qo‘yilgan edi. Bizni kutib olishdi. Bu Farg‘ona shahri yonida qad ko‘targan qishloq xo‘jaligi uchun nihoyatda zarur bo‘lgan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan zavod edi. Zavodda dastlabki mahsulotni tayyorlash texnologik jarayonini bizga ko‘rsatishdi va men reportajni tasvirga tushirib material tayyor ekanligi to‘g‘risida «Vremya»ga xabar berdim. Ishni bajarib bo‘lib, shoshganimiz sababli Toshkentga yo‘li tekisroq bo‘lgan Tojikiston hududidan emas, yana Qamchiq dovoni orqali ortga qaytdik.
Kun kech. Qahraton qish. Tun. Hammayoq oppoq qor bo‘lsa ham, to‘xtamay yog‘ayotgan qordan yo‘l arang ko‘rinadi. Qo‘qondan chiqib Qamchiq dovoniga yaqinlashganimizda qarasak, dovonni qalin qor bosgan, dovon boshida Toshkentga qarab ketayotgan mashinalar turnaqator bo‘lib to‘xtab qolgan. Menga ertaga kunduzi reportajni Toshkentdan Moskvaga, Ostankinoga jo‘natishim uchun SSSR va O‘zbekiston SSR Aloqa vazirliklari «Toshkent – Kosmos – Ostankino» aloqa tarmog‘idan 15 daqiqa vaqt ajratishgan. Shu sababli bugunning o‘zidayoq Toshkentga yetib olishimiz, plyonkani tekshirib, matn yozib, reportajni Moskvaga berib yuborishimiz shart edi. Nima qilishni bilmay ikkilanib turganimizda qarorni haydovchi qabul qildi. U mas’uliyatni his qiladigan, ko‘p yillardan buyon Moskva muxbirlari mashinalarining haydovchisi bo‘lib ishlayotgan tajribali xodim edi.
– Irismat aka, boshqa yo‘li yo‘q, men ehtiyot qilib asta-sekin dovondan o‘ta boshlayman, – dedi u.
Bu gapga hamma rozi bo‘ldi. Chunki bu vaziyatda reportajni aytgan vaqtida tayyorlab Moskvaga uzatishni, rahbariyat topshirig‘ini bajarishni o‘ylardik. Buni boshqacha tushuntirib bo‘lmasa kerak.
Bir vaqt haydovchi mashinani qator turgan mashinalar orasidan burib olib chiqdi-da, «Volga» g‘ildiragi sirg‘alib ketmasligi choralarini ko‘rib olg‘a qarab sekin harakat qila boshladi. Ko‘zimiz yo‘lda. O‘ng tomonda qor yog‘a-yog‘a taxlanib qolgan tik qiyalik to‘satdan ko‘chki sodir bo‘lishi xavfidan xabar berardi, chapda esa tubsiz jarlik. Qulab ketishdan Xudo asrasin. Mashina ballonlari sal sirg‘alsa, yuragimiz hapriqib, hammamiz bir ovozdan haydovchiga: «Aka, ehtiyot bo‘lib yuring!» – der edik.
Mashinada, odatda, orqa o‘rindiqda o‘ng tomonda o‘tirar edim. Sho‘ro davridagi «Volga» mashinasida uzoq yurganlar yaxshi bilishadi: shundoqqina o‘ng oyog‘im tomondagi eshik tirqishi ancha keng bo‘lib (sho‘ro mashinalarida «germetizatsiya» degan narsa bo‘lmasmidi deyman), mashina tezlikda ketayotganda, ayniqsa, shu tomondan shamol urib turganda uning tirqishidan qishning muzdek havosi vizillab kirib turar edi. Shunda birdan oyoqlarim tarashadek qotib qolgani, hech narsani sezmayotganini fahmladim. Lekin bu haqda hech kimga lom-mim demadim. Bir mahal haydovchi orqaga qaradi-da: «Irismat aka, orqa oynaga bir qarang», – dedi. O‘girilib pag‘a-pag‘a yog‘ayotgan qor bo‘roni ichra mashinamizning ortidan xira chiroqlari yoniq mashinalar kelayotganini ko‘rdim. Ikkilanib turgan haydovchilar bizdan o‘rnak olib tavakkaliga yo‘lga chiqishgan ekan.
Toshkentga yarim kechasi eson-omon yetib keldik. Mashinadan tushayotganimda oyog‘imda qattiq og‘riq turdi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, o‘ng oyog‘imning belga yaqin tepa qismi asablarini shamollatib qo‘ygan ekanman. Ertasiga oyoqqa kompress, tomirga ukol, og‘riq joylariga qizdiradigan plastirlar yopishtirib televideniyega chopdim. Reportaj matnini yozib, «Vremya» dasturiga qo‘yish uchun Moskvaga stenografistkaga (2) matnni o‘qib berdim. Kimyoviy ishlovdan chiqqan plyonkani montaj qilib, reportajni Yerning sun’iy yo‘ldoshi orqali «Ostankino»ga yo‘lladim. Kechqurun «Vremya»da O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi istiqboliga xizmat qiladigan yana bir zavod ishga tushgani to‘g‘risida reportaj efirga berildi.
Ertasiga muxbirlar punktiga kirishim bilan «Vremya»dan qo‘ng‘iroq qilishdi. «Vremya» axborot dasturining shaharlar bilan aloqa qilish guruhining navbatchi muharriri Volodya Sigankovning tashvishli ovozi eshitildi:
– Irismat, ish chatoq. Kechagi reportajingda nimalarnidir noto‘g‘ri beribsan. Bizga KPSS Markaziy Ko‘mitasining og‘ir mashinasozlik bo‘limidan qo‘ng‘iroq qilishdi. Sendan tushuntirish xati talab qilishyapti.
– Xo‘sh, nima xato qilib qo‘yibman?
– Aniq bilmayman. Rahbariyat bilan gaplashishga tayyor bo‘lib tur.
«KPSS Markaziy Ko‘mitasining og‘ir mashinasozlik bo‘limidan qo‘ng‘iroq bo‘lgan bo‘lsa, ularning e’tirozlari bo‘lsa, demak, vaziyat haqiqatan ham jiddiy» degan fikr o‘tdi xayolimdan. Xo‘sh, nima qilishim kerak?
O‘ylay-o‘ylay podadan oldin chang chiqarmaslikka qaror qildim.
Ertasi kuni Markazqo‘mning majlislar zaliga chaqirilgan yig‘ilishga kelganimda Sharof aka respublika rahbarlari, Moskva muxbirlari bilan qo‘l berib ko‘rishib keldi-da, mendan:
– Anavi topshiriq nima bo‘ldi? – deb so‘rab qoldi (U kishi reportajni ko‘rmagan ekan).
– Sharof aka, reportajni aytgan muddatda efirga berdik, lekin bir muammo chiqib qoldi. Reportajimdan keyin: «material noto‘g‘ri berildi», - deyishmoqda Moskvadagilar.
– Xo‘sh, qanday qilib bergan edingiz?
Men materialning mazmunini qisqa qilib aytib berdim.
Sharof aka gapimni diqqat bilan eshitgach:
– Siz to‘g‘ri bergansiz! – dedi va yonida bloknoti bilan turgan yordamchisiga bu ish bilan shug‘ullanishni topshirdi.
Yig‘ilishdan chiqib, liftda binoning oltinchi qavatiga ko‘tarildim-da, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi Birinchi kotibi yordamichisining xonasiga kirdim.
– E, keling, muxbir... hozir... Biz sizni xafa qildirib qo‘ymaymiz, – deb mening ko‘nglimni ko‘targan bo‘ldi. So‘ngra telefon go‘shagini olib, Ittifoq Og‘ir mashinasozlik vazirligiga qo‘ng‘iroq qildi: – Farg‘onada superfosfat zavodi haqida muxbirimiz kecha «Vremya»da reportaj bergan edi. Sizlardan kimdir «Vremya» muharririyatiga qo‘ng‘iroq qilib noto‘g‘ri berildi, - debdi. Sharof Rashidovning aytishicha, reportaj to‘g‘ri berilgan.
– Sharof Rashidov to‘g‘ri berildi dedimi? Agar Sharof Rashidov shunday degan bo‘lsa, u kishi ko‘proq ma’lumotga ega, demak, shunday!
– Muxbirimizni holi-joniga qo‘yishmayotgan emish. «Vremya»ga telefon qilib qo‘yasizlarmi?
– Bo‘ldi, bo‘ldi, aytamiz...
Men muxbirlar punktiga qaytib, Moskvaga telefon qildim:
– Volodya, tushuntirish xatini nima qilamiz?
– Bo‘ldi, kerak emas. Hozirgina KPSS Markaziy Qo‘mitasidan telefon bo‘ldi, senga e’tiroz yo‘q.
Sharof Rashidovning qat’iyati va beg‘araz yordami bilan boshimga tushishi mumkin bo‘lgan katta g‘avg‘o shu zaylda xayrli yakun topgan edi.
***
Sergey Georgiyevich kim edi? Stalinning Cherchill, Ruzvelt bilan Yalta va Potsdamdagi uchrashuvlarida tarjimonlik qilgan Sergey Georgiyevichning o‘rinbosari Enver Nazimovich Mamedov-chi ? Bularni bilishni istasangiz jurnalist Irismat Abduxoliqovning O‘zA saytida berilayotgan “Sharof Rashidov. Haqiqat va rivoyat” asarining bugungi lavhasini o‘qing. Aytgandek, sizning ham bizga aytadigan gapingiz bo‘lsa yozib yuboring yoki qo‘ng‘iroq qiling.
«Sergey Georgiyevich yo‘q, u kishi Bonnda»
Toshkent viloyat partiya qo‘mitasi (hozirgi Tashqi ishlar vazirligi) binosining majlislar zalida o‘tayotgan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining qariyb barcha Byuro a’zolari ishtirok etayotgan katta bir yig‘ilishni tasvirga tushirayotgan edik. Bir mahal prezidiumda o‘tirgan Sharof Rashidov negadir zalga qarab kimnidir qidirib topgandek bo‘ldi-da, yonida o‘tirgan xodimga o‘girilib bir nimalar deya boshladi. U «xo‘p» degan ma’noda bosh qimirlatib o‘rnidan turdi-da, zalning biz o‘tirgan tomoniga qarab kela boshladi. Yonimga kelgach:
– Sizni Sharof aka so‘rayapti, – dedi.
– Mayli, majlisdan keyin boraman.
– Yo‘q, hozir borishingiz kerak.
– Axir, yig‘ilish ketyapti-ku.
– Sharof aka hozir oldimga kelsin deyapti.
Bizni Sharof aka prezidiumdan kuzatib turgan ekan. Men Sharof akaning diqqat bilan qarab turganini ko‘rib o‘rnimdan turdim-da, zaldan o‘tib to‘g‘ri oldiga bora boshladim. Katta ochiq zalda bo‘layotgan bu vaziyatdan o‘zimni juda noqulay sezsam ham shunday qilishga majbur edim.
Zalda o‘tirganlarning diqqati endi minbardagi notiqqa emas, prezidiumda o‘tirgan Sharof Rashidov va menga qaratilgan edi.
Yoniga borganimda u kishi yoqimli bo‘g‘iq ovozi bilan faqat men eshitadigan qilib:
– Irismatjon, ertaga Toshkent teplovoz-vagon ta’mirlash zavodida umumxalq hashariga bag‘ishlangan katta miting bo‘ladi, shuni reportaj qilib bersangiz, – dedi.
Men bu topshiriqni eshitib biroz o‘ylanib qoldim. Chunki «Vremya» juda jiddiy, dolzarb va nihoyatda tezkor umumittifoq axborot dasturi edi. Menga topshirilayotgan voqea esa muhimligi bo‘yicha muddat yuzasidan biroz kechikkan. Lekin «Vremya» rahbariyati KPSS Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zolari, Respublika Kompartiyalari Markaziy Qo‘mitasi Birinchi kotiblarining topshiriqlarini bajarishimiz haqida ko‘rsatma bergan edi.
Men joyimga qaytib Sharof aka aytgan gaplarni, qachon, qayerda va nima bo‘lishini yon daftarchamga yozib oldim. Moskva bilan Toshkent vaqtlari uch soatga farq qilishi sababli reportajni tasvirga tushirayotganim to‘g‘risida «Vremya»ni ogohlantirishga imkonim bo‘lmadi.
Ertasiga O‘zbekistondagi eng katta zavodlardan biriga borib tadbirni tasvirga tushirib, intervyular yozib oldim. Moskva vaqti bilan soat 10 lar, Toshkent vaqti bilan 13 lar chamasi rahbariyat topshirig‘i bilan tasvirga tushirilgan bu reportajni yozib olish uchun «Vremya»ning shaharlar bilan aloqa qilish guruhiga telefon qildim. U yerda ishlaydigan tajribali muharrir Volodya Sigankov: «Bu mavzu «Vremya»da berib bo‘lindi, kech qoldinglar, endi biz bu mavzuni yorita olmaymiz», – dedi. Men: «Sharof Rashidovning shaxsan o‘zlaridan topshiriq oluvdim», – degan edim, u: «Baribir, bera olmaymiz», – dedi. Mening qayta-qayta ta’kidlashimdan keyin: «Yana bilmadim, lekin sen Dmitriy Andreyevichga telefon qilgin, balki, u kishi biror narsa deya olar», – deb masalani hal qilishni «Vremya» axborot dasturi bosh muharririning birinchi o‘rinbosari zimmasiga tashladi.
– Dmitriy Andreyevich, men Sharof Rashidovning topshirig‘i bo‘yicha Toshkent teplovoz-vagon ta’mirlash zavodida umumxalq hashariga bag‘ishlab o‘tgan mitingdan reportaj yozib olgan edim. Sigankov kerak emas deyapti, shunga sizga nima deysiz?
– U to‘g‘ri aytibdi, kech qoldinglar, endi biz bunday materialni efirga berolmaymiz.
Shu bilan oxirgi umidim ham uzilgandek bo‘ldi. Nima qilishni bilmay boshim qotdi. O‘zimcha: «Kechqurun Sharof aka kutadi-ku, «Vremya»da chiqmay qolsa, nima deyman?» – deb o‘ylab-o‘ylab, yaxshisi, Markaziy Qo‘mita qabulxonasiga telefon qilib, reportajga Moskva yo‘q deyapti, Sharof akaga aytib qo‘ysangizlar, berilmas ekan deb aytaman degan qarorga keldim.
Markazqo‘m qabulxonasiga telefon qilib, Sharof akaning yordamchisi Georgiy Alekseyevich Kraynovga vaziyatni obdan tushuntirdim.
– Irismat aka, agar men Sharof Rashidovning shaxsan o‘zidan topshiriq olganimda bormi, qanday bo‘lmasin bu topshiriqni albatta bajargan bo‘lar edim. Men u kishining topshirig‘i rad bo‘lganini unga yetkaza olmayman, kechirasiz...
Yana boshim qotdi. O‘zbekiston ber deyapti, Moskva yo‘q deyapti. Bu raddiyani u kishiga yetkazishni esa birinchi yordamchisi bo‘yniga olgani yo‘q. Tushib qolgan girdobdan chiqib ketolmaydigan vaziyat. Kechqurun Sharof aka kutadi, reportaj esa bo‘lmaydi. Xo‘sh, endi kim degan odam bo‘ldim?!
Shunda miyamga bir g‘aroyib fikr keldi. Men oddiy xodimlar nafaqat yurak yutib telefon qilish, balki ko‘ziga ko‘rinishdan ham qo‘rqadigan, taqdirini ko‘z o‘ngida bir zumda hal qilib yuboradigan, cho‘rtkesar, shu bilan birga, juda aqlli va adolatli inson, SSSR Teleradioqo‘mitasining raisi Sergey Georgiyevich Lapin bilan bog‘lanishga qaror qildim. U KPSS Markaziy Qo‘mitasidan Davlat Teleradioqo‘mitasiga rais bo‘lib ishga kelganda ikki ming nafardan ortiq kishini ishdan bo‘shatgan edi. Moskvada «Bu odam bilan oddiy xodim, odatda, ikki marta uchrashadi: bir marta ishga qabul qilinayotganda, ikkinchi marta ishdan ketayotgan paytida» degan gap yurardi. Taqdirimdan ko‘raman, nima bo‘lsa bo‘lar dedim-da, shasht bilan telefon go‘shagini ko‘tarib, Sergey Georgiyevich Lapinning qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qildim.
– Priyomnaya Lapina slushayet.
– Eto iz Tashkenta, ya zaveduyushiy Sentralnыm Korrespondentskim punktom Gosteleradio SSSR v Uzbekistane, u menya vajnыy vopros, i ya xotel bы soglasovat eto s Sergeyem Georgiyevichem.
– Izvinite, yego net, on v Bonne.
– Togda… komu yeщyo mogu perezvonit?
– Pozvonite, pojaluysta, Enveru Nazimovichu(3), on u sebya seychas.
– Spasibo.
– Enver Nazimovich, zdravstvuyte, eto zaveduyushiy Sentralnыm Korrespondentskim punktom v Uzbekistane, – deb ism-sharifimni aytdim, – izvinite za bespokoystvo, no u menya takaya situatsiya, chto zastavlyayet bespokoit Vas. Ya poluchil zadaniye ot Kandidata v Chlenы Politbyuro SK KPSS tovariщa Rashidova, on poruchil podgotovit reportaj s mitinga ob Obщyenarodnom subbotnike «Xashar» na Tashkentskom Teplovozovagonoremontnom zavode imeni Oktyabrskoy Revolyutsii, vot ya xotel bы s vami soglasovat eto.
– A pochemu vы zvonite mne, a ne v programmu «Vremya»?
– A ya zvonil uje tuda, tam otkazыvayutsya davat eto v efir.
– I chem oni eto motiviruyut?
– Govoryat, sobыtiye poteryalo svoyu aktualnost.
– Xmm...
Uning jahli chiqayotgani telefon orqali menga kelayotgan hm... hm... hm...laridan sezilib turardi.
Tushunaman, butun sovet xalqi, xorijiy davlatlar, Siyosiy byuroning barcha a’zolari ko‘radigan televizion axborot dasturida berilayotgan oddiy, kichkina material bilan ham hazillashib bo‘lmas edi. «Ha» yoki «Yo‘q» deb javob berishga yo maslahatlashib olishga, yo o‘zi o‘ylab, mas’uliyatni bo‘yniga olib, bir xulosaga kelishga vaqt kerak edi. Lekin, aytishim kerak, yuqorining siyosati, talab-istaklarini u menga qaraganda yaxshiroq bilardi. Shuning uchun unga telefon qilgan edim-da.
– Enver Nazimovich, kak mne bыt?
– Ne znayu. Ya toje doljen posovetovatsya.
U men bilan ortiqcha gaplashishni o‘ziga lozim ko‘rmadi, shekilli, mujmal ravishda: «U yoqqa qo‘ng‘iroq qiling», – deya go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. Bunday noaniqlikdan nima qilarimni bilmay yana «Vremya» axborot dasturi Bosh muharririning birinchi o‘rinbosari Dmitriy Andreyevich Golovanovga qo‘ng‘iroq qildim.
– Sen ... nima... – uning ovozida hayrat, dahshat va menga nisbatan g‘azab hislari bor edi, – Enver Nazimovichga telefon qildingmi?! Qandaydir bir muxbir menga Toshkentdan aloqaga chiqyapti dedi. Biz, yo‘q, Enver Nazimovich, sizga muxbir emas, O‘zbekiston Teleradioko‘mitasining raisi qo‘ng‘iroq qilgan dedik. Sen chatoq ekansan, nima, mabodo Sergey Georgiyevich joyida bo‘lsa, unga ham telefon qilgan bo‘larmiding?
– Sergey Georgiyevichning kotibasi uning Bonnda safarda ekanini aytdi. Kechirasiz, Dmitriy Andreyevich, reportajim taqdiri nima bo‘ladi, berasizlarmi yoki yo‘q?
– Ha, ha. Beramiz o‘sha reportajingni, beramiz dedim-u, tinchlan endi.
– Rahmat, Dmitriy Andreyevich.
Yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Kuchli hayajondan o‘zimga kelmay turib shaharlar bilan aloqa guruhining mas’ul xodimi Volodya Sigankov telefon qilib qoldi:
– Irismat, materialing tayyormi? Aytgandek, sen bilan odam zerikib qolmaydi, zap ish qilding-da... Lapinga ham qo‘ng‘iroq qilibsanmi?
– Volodya, bo‘lar endi, sen ham yaramga tuz sepma. O‘zing o‘ylab ko‘r, ana shunday vaziyatda men nima qilishim kerak edi? Sen yo‘q deding.
– Dmitriy Andreyevich-chi?
– U ham sening gapingni qaytardi. Aytgin-chi, mening o‘rnimda bo‘lganingda nima qilgan bo‘larding? Ha, men oxirigacha bordim. Bo‘lar ekan-ku bajarsa, axir! Men amaldorlarning izzat-nafsiga tegish-tegmaslik kabi hamma nozik tomonlarini yaxshi tushunaman, lekin sizlar ham meni tushuninglar-da! Axir bu Sharaf Rashidovning topshirig‘i edi.
***
Eslatmalar:
1) Markazqo‘m – O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi, sho‘rolar davridagi eng yuqori rahbar organ.
2) Stenografistka – efirga ketadigan reportaj matnini «Vremya» tahririyatida telefon orqali yozib oladigan kotiba qiz.
3) Enver Nazimovich Mamedov – SSSR Teleradioqo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, bir nechta tillarni biladigan, yuksak madaniyatli, nihoyatda iste’dodli va mashhur shaxs, lekin u ham Lapinga o‘xshash mag‘rur, kibrli kishi edi. Ikkinchi jahon urushi yillari Stalinning Cherchill, Ruzveltlar bilan Yalta, Potsdam shaharlarida o‘tgan uchrashuvlarida tarjimonlik qilgan, SSSR Tashqi ishlar vazirligining mas’ul xodimi bo‘lgan. KGB generali. U ko‘p yillardan buyon SSSR Teleradiokompaniyasida birinchi muovin bo‘lib ishlar edi.
Davomi bor. Saytimizni kuzatib boring.