Muvaffaqiyatli tarbiyaning siri — o‘quvchiga hurmatda (+video)
Dunyoda insonlar turli kasblarda faoliyat olib boradi. Ammo, mana shu kasblar ichida shunday bir kasb borki, u ham sharafli, ham mas’uliyatliligi bilan ajralib turadi. Bu o‘qituvchilik va murabbiylik kasbidir.
Bugun nafaqat o‘quvchining ertangi hayoti, istiqboli, balki yurtning kelajagi ham mana shu ustozlar zimmasiga yuklangan. Shu bois, bu soha vakillariga nisbatan “Inson ruhining injeneri” iborasi ishlatiladi. Bu bejizga emas, albatta. O‘z shogirdlarida mehnatdan zavqlanish xislatlarini uyg‘ota bilgan muallim sharaflarga loyiq.
Yurtimizda mana shunday sharafga loyiq bo‘lgan, o‘z ortidan munosib shogirdlarni yetishtirib chiqarayotgan ustozlar juda ko‘p. Yunusobod tumanidagi 17-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida ana shunday ustozlarning mehnatlari sabab ko‘plab shogirdlar bugun ilm mayog‘ini yoqib kelishmoqda.
Maktab direktori Gulnoza Mirboboyevaning ta’kidlashicha, ushbu maktabda 100 nafar pedagog xodim 1779 nafar o‘quvchiga ta’lim berib keladi. Mazkur maktab o‘qituvchilar toifasi bo‘yicha shaharda birinchi o‘rinda turadi. Bu yerda asosan ta’limga ijodkorlik bilan yondashadigan, tajribali ustozlar ishlaydi. Maktab o‘zbek hamda rus tillariga ixtisoslashtirilgan. O‘zbek tili bilan birga xorijiy tillarni chuqur o‘rganib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgan o‘quvchilar bilan ustozlari faxrlanadi.
2023-2024 o‘quv yilida 41 nafar o‘quvchi IELTS sertifikatiga ega bo‘ldi.
— Yaqinda ingliz tilidan bilim darajasini aniqlash imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tib, B2 darajasiga ega bo‘ldim, — deydi 8-sinf o‘quvchisi Oyshabonu Sayfiddinova. — Bunday natijaga men ota-onamning qo‘llab-quvvatlovi, ustozlarim bergan bilim tufayli erishdim. Har bir tilni o‘rganishda o‘ziga yarasha mashaqqatlari bo‘ladi. Ammo o‘z oldiga qat’iy maqsad qo‘ygan inson albatta unga yetishish uchun harakat qilishi kerak. Yangi O‘zbekistonga ko‘pgina tillarni biladigan, zamonaviy bilimga ega bo‘lgan yoshlar juda kerak. Har bir tengdoshlarim o‘zlari qiziqqan sohani mukammal egallab, yutuqlarni qo‘lga kiritsa, O‘zbekistonimiz rivojiga hissa qo‘shgan bo‘ladi.
Ona-tili va adabiyot o‘qituvchisi Feruza Umrzoqova ushbu maktabda 30-yildan buyon ishlab keladi. XXI asrda o‘qituvchi bo‘lish osonmi, degan savolga Feruza Umrzoqova shunday javob berdi:
— Bugungi kunda o‘qituvchi bo‘lish judayam qiyin. Chunki bolalar axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishyapti. Ularning savollariga javob topish uchun o‘qituvchi tinmay intilishi, izlanishi va albatta zamonaviy texnika vositalaridan unumli foydalanishni bilishi kerak.
Rostini aytsam, men yurgan yo‘limda ertangi darsim qanday o‘tishini o‘ylab yuraman. Turli interfaol usullardan, metodikalardan foydalanib dars o‘tishni rejalashtiraman.
<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/2HnWPQq-MLY" title="Muvaffaqiyatli tarbiyaning siri — oʻquvchiga hurmatda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Bilasizmi, hozirgi bolalarga eng avvalo mehr berish kerak. Chunki bolalarga mehr bermasangiz, ular sizni yaxshi ko‘rishmaydi, hurmat qilishmaydi. Agar o‘quvchi o‘qituvchisini yaxshi ko‘rmasa, bu fojea. Men ustoz bilan o‘quvchi orasidagi munosabat juda ham chiroyli bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. O‘quvchiga qancha yaqin bo‘lsangiz, unga mehr bersangiz, u ham mehringizni qadrlaydi.
Buyuklarimiz, “Muvaffaqiyatli tarbiyaning siri — o‘quvchiga hurmatda”, deb bejiz aytishmagan. Shunday ekan muvaffaqiyatga erishishni istagan har qanday pedagog o‘z shogirdlari orasida ishonch qozonmog‘i shart.
N.Rahmonova,
A.Alijonov (video), O‘zA